Ole Verner Yevrokuboklar maqsadini aniq belgiladi

“RB Leyptsig” bosh murabbiyi Ole Verner “Sankt-Pauli”ga qarshi uchrashuv oldidan matbuot anjumanida qatnashdi. Yomon ob-havo sabab qoldirilgan Bundesliganing 16-tur o'yini 27-yanvar kuni 22:30 da (Toshkent vaqti bilan) boshlanadi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Verner raqib haqida gapirar ekan, “Sankt-Pauli” mavsumni yaxshi boshlaganidan keyin ochkolar borasida pasayish bo‘lganini, biroq keyinchalik himoyada barqarorlik va o‘tgan yilgi kuchli jihat bo‘lgan ixchamlikni qaytarganini ta’kidladi. Murabbiy raqib tarkibida tezlik va sifatli pas bera oladigan futbolchilar yetarli ekanini aytib, jamoasi bunday uslubga tayyor turishi kerakligini qayd etdi.
Safardagi muhit masalasida Verner “Millerntor” arenasi katta bo‘lmasa-da, muxlislar juda shovqinli ekanini, ular har doim jamoasini ijobiy qo‘llab-quvvatlashini aytdi. U jamoani bunga alohida tayyorlash shart emasligini, u yerda o‘ynash yoqimli ekanini va avvalgi uchrashuvlaridan ko‘proq ijobiy xotiralari borligini qo‘shimcha qildi.
Yevrokuboklar uchun kurash haqida so‘z yuritgan Verner “RB Leyptsig”ni yaxshi nomzodlardan biri deb hisoblashini bildirdi. Uning aytishicha, jamoa hozir deyarli har o‘yinda 2 ochkodan to‘plamoqda va “Sankt-Pauli” ustidan g‘alaba bu ko‘rsatkichni yanada yaxshilaydi. Murabbiy peshqadamlar orasida 6-7 klub juda yaqin ketayotganini, ular orasida “RB Leyptsig” ham borligini ta’kidladi.
Vernerning fikricha, eng muhim jihat — o‘z o‘yiniga e’tibor qaratish va klub rivojini davom ettirish. U mavsumdagi asosiy vazifa Yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritish ekanini ochiq aytdi: “Biz to‘g‘ri yo‘ldamiz. Agar yakunda kuchli to‘rtlikda tugatsak, bu yanada yaxshi bo‘ladi”.
400 kunlik jarohatdan keyin Benjamin Henrixsning qaytishi haqida murabbiy avvalo futbolchining tiklangani quvonchli ekanini, endi uning sifatlariga ega o‘yinchi tarkib tanlashda yana bir variant bo‘lib turganini aytdi. Verner Henrixsga o‘yin formasini tiklash uchun vaqt kerakligini ham eslatib, u tez orada maydonga tez-tez tushishiga ishonch bildirdi.
Tarkibdagi so‘nggi holat bo‘yicha esa Kastello Lukeba tizzasidan olgan jarohati sabab hamon safdan tashqarida va o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Yoxan Bakayoko jamoa bilan mashg‘ulotlarga qaytayotgan bo‘lsa-da, bu safar maydonga tushmaydi. Shuningdek, Assan Uedraogo va Viggo Gebel ham o‘yinga tayyor emas.
Hozirda “RB Leyptsig” 35 ochko bilan 5-o‘rinda bormoqda, “Sankt-Pauli” esa 13 ochko bilan 17-pog‘onada joylashgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!