Husanov asosiydami? "Siti" hal qiluvchi kechada "Galatasaroy"ga qarshi...

Yevropa Chempionlar ligasi umumiy bosqichi hal qiluvchi nuqtaga yetib keldi: qit’aning eng baquvvat jamoalari so‘nggi — 8-tur o‘yinlarini o‘tkazadi va shundan keyin musobaqani davom ettiradigan 24 jamoa nomi aniq bo‘ladi.
Shu “kalit” kechada O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abduqodir Husanov ham diqqat markazida. U “Manchester Siti” safida Turkiya chempioni “Galatasaroy”ga qarshi muhim to‘qnashuv oldidan jamoa bilan tayyorgarlikni to‘liq olib bormoqda.
City Xtra qanday tarkibni taxmin qildi?
“Shaharliklar” hayotini yaqindan kuzatib boradigan cityxtra.co.uk sayti bo‘lajak uchrashuv oldidan “Siti”ning taxminiy asosiy tarkibini tuzib chiqdi. Ularga ko‘ra, jamoa murakkab vaziyatda — jarohatlar va ayrim futbolchilarning holati sabab ma’lum pozitsiyalarda variant kam, shuning uchun murabbiylar shtabi eng ishonchli kombinatsiyaga suyanadi.
Manba taxminiga ko‘ra, tarkib quyidagicha bo‘lishi mumkin:
Darvozabon
- Janluiji Donnarumma — ekspertlar uni bu mavsum “Siti”dagi eng ta’sirli figuralardan biri deya ta’riflamoqda.
Himoya
- Mateush Nunesh — o‘ng qanotda qaytadan o‘z o‘rniga tushib, o‘yinini sezilarli yaxshilagani ta’kidlanadi.
- Abduqodir Husanov — Natan Ake bilan markazda juftlik qilishi kutilyapti. Manba bu qarorni jarohatlar ko‘pligi va markazda ishonchli variantlar cheklangani bilan izohlaydi.
- Niko O’Rayli — chap tomonda barqarorlik va foydali harakatlari bilan ajralib turgan futbolchi sifatida ko‘rsatilgan.
City Xtra’ning asosiy urg‘usi bitta: Husanovning tezligi, shiddati va jismoniy tayyorgarligi Akening tajribasi bilan “pazl” bo‘lib tushsa, g‘alaba kerak bo‘lgan kechada bu kombinatsiya juda qo‘l kelishi mumkin.
Yarim himoya
- Tijani Reynders va Bernardu Silva — markazda to‘pni nazorat qilish, o‘yin tempini boshqarish va to‘g‘ri qaror chiqarish uchun.
- Fil Foden — “o‘nlik” pozitsiyasida. Manba u so‘nggi paytda eng yaxshi formasida emasligini tan olsa-da, katta o‘yinlarda doim “portlaydi” degan ishonchni yozgan.
Hujum
- Rayan Sherki — o‘ng qanotda assistlar bilan jamoaga kislorod berayotgan futbolchi sifatida qayd etilgan.
- Erling Xoland — gollar to‘xtab qolgan bo‘lsa ham, uning "klass"i shubhasiz: raqib himoyasini o‘ziga “tortib”, boshqalarga maydon ochadi.
- Jeremi Doku — chap qanotda harakat, tezlik va dribling bilan bosimni oshiradi.
Taxminiy asosiy tarkib (City Xtra):
- Donnarumma; Nunesh, Husanov, Ake, Niko O’Rayli; Reynders, Bernardu Silva; Foden; Sherki, Xoland, Dok-u.
O‘yin qachon boshlanadi?
“Manchester Siti” — “Galatasaroy” uchrashuvi 28-yanvardan 29-yanvarga o‘tar kechasi, Toshkent vaqti bilan 01:00 da start oladi.
Xulosa shundaki: bu kecha “Siti” uchun ham, Husanov uchun ham katta imtihon. Muxlisga esa shu yoqadi — bosim bor joyda xarakter chiqadi. Agar markazda Husanov–Ake juftligi ishonch bersa, oldinda Xoland uchun ham “havo ochilishi” mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!