Shomurodov yana gol urdi: "Bashakshehir" "Rizespor" bilan durang o‘ynadi

Avvalgi uch uchrashuvda g‘alaba ta’mini tatib ko‘rgan «Bashakshehir» bu safar ham o‘yinni hujumkor boshladi va erta gol bilan muxlislarni quvontirdi. 19-daqiqada chap qanotdan yo‘llangan uzatmani Eldor Shomurodov sovuqqonlik bilan yakunlab, to‘pni darvoza to‘riga joyladi — hisob ochildi.
Biroq mehmonlar ham taslim bo‘lish niyatida emasdi. Birinchi taymga qo‘shib berilgan 45+1-daqiqada Taha Shahin aniq zarba bilan muvozanatni tikladi va jamoalar tanaffusga teng hisob bilan chiqishdi.
Ikkinchi bo‘limda maydonda “murosa” emas, jang kayfiyati hukm surdi: har ikki tomon xavfli hujumlar uyushtirdi, vaziyatlar keskinlashdi. Natijada jamoalar yana bittadan to‘p kiritdi va bahs 2:2 hisobida yakun topdi.«Rizespor» safida Mixay Mixeyle (68’) gol urib mehmonlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, «Bashakshehir»ning ikkinchi goliga Ozgyur Yildirim (74’) mualliflik qildi.
Shu tarzda, 20 uchrashuvdan keyin 30 ochko to‘plagan istanbulliklar turnir jadvalida 6-pog‘onani egallab turibdi. 20 o‘yinda 20 ochkoga ega «Rizespor» esa 11-o‘rindan joy olgan.
Eng yoqimlisi — milliy jamoamiz sardori Shomurodovning to‘purarlik poygasidagi barqaror yurishi. Hujumchimiz 13 ta gol bilan "Trabzonspor"ning nigeriyalik forvardi Pol Onuachu bilan birga yetakchilik qilmoqda. Demak, “Oltin butsa” uchun urush endi yanada qiziydi va bu urushda Eldor hozircha juda ishonchli qadam tashlayapti.
Turkiya Superligasi. 19-tur
31 yanvar, «Fotih Terim» stadioni
«Bashakshehir» — «Rizespor» 2:2
Gollar: Shomurodov (19’), Ozgyur Yildirim (74’) — Taha Shahin (45+1’), Mixay Mixeyle (68’)
«Bashakshehir» — Muhammad Shengezer, Jerom Opoku, Leonardo Duarte, Kristofer Operi, Omer Ali Shahiner (s), Olive Kemen, Abbosbek Fayzullayev, Eldor Shomurodov, Umut Gunesh, Amin Arit, Devi Zelke.
Zaxira: Berat Ozdemir, Onur Ergun, Onur Bulut, Nunu Da Koshta, H.Gureler, Yakub Kaluzinski, Usseynu Ba, Ivan Brnich, Dogan Alamdar, Bertug Yildirim.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!