«Liverpul» «Nyukasl»ni to‘rt gol bilan tiz cho‘ktirdi (video)

Angliya Premer-ligasining 24-turida "Liverpul" o‘z maydonida "Nyukasl Yunayted"ni qabul qildi va tomoshabinlarga gollarga boy, kayfiyatli futbol sovg‘a etdi — 4:1.
Uchrashuv avvalida mehmonlar “qo‘rqmaymiz” degan kayfiyatda o‘ynadi. 36-daqiqada Entoni Gordon hisobni ochib, stadionni bir zumga jim qilib qo‘ydi. Lekin shu yerdayoq "Liverpul"ning xarakterli javobi boshlandi.
Birinchi bo‘lim tugashidan oldin “qizillar” tezlikni oxirigacha bosdi: Ugo Ekitike ketma-ket ikki bor darvozani ishg‘ol qilib, dubl qayd etdi va o‘yin manzarasini tubdan o‘zgartirdi. Tanaffusga "Liverpul" 2:1 hisobida ustun chiqdi — psixologik jihatdan esa bu deyarli “biz bu o‘yinni olamiz” degan signal edi.
Ikkinchi bo‘limda ham to‘xtash bo‘lmadi. 67-daqiqada Florian Virs o‘z imkoniyatini golga aylantirib, hisobni yanada qulay ko‘rinishga keltirdi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Ibrahima Konate nuqtani qo‘ydi — 4:1. Tamom, “kambek” haqidagi barcha xayollar arxivga ketdi.
Liverpul – Nyukasl 4:1
Gollar: Ekitike 41, 43, Virs 67, Konate 90+3 – Gordon 36.
Liverpul – Alisson, van Deyk, Konate, Kerkez, Sobosali, Makallister, Virs (Endo, 87), Gakpo, Gravenberh, Saloh (Kiyeza, 84), Ekitike (Jons, 84).
Nyukasl – Poup, Trippiyer (Osula, 84), Holl (A.Merfi, 89), Bern, Tonali, Gordon, Tiau, Uillok (J.Merfi, 73), Remsi, Elanga (Voltemade, 73), Barns (Vissa, 73).
Ogohlantirishlar: Makallister 59 – Gordon 11, Remsi 45+3, Bern 86.
Natijada Arne Slot jamoasi ochkolarini 39 taga yetkazib, 5-pog‘onaga ko‘tarildi. "Nyukasl Yunayted" esa 33 ochko bilan 10-o‘rinda qoldi.
Qisqasi, bu kecha “Enfild”da bir narsa aniq bo‘ldi: gol ursang ham xotirjam bo‘lma — "Liverpul"da gaz pedali bor, tormoz esa… ixtiyoriy.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!