Kerrik Old Trafford mo‘jizasi va Sheshkoning 94-daqiqadagi goli haqida

Angliya Premer-ligasi doirasida «Old Trafford» yana bir bor o‘zining “alohida sahna” ekanini isbotladi. «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Maykl Kerrik «Fulxem» ustidan 3:2 hisobidagi dramatik g‘alabadan keyin o‘yin haqida fikr bildirdi.
Uchrashuvning eng hal qiluvchi lahzasi 94-daqiqada keldi: Benyamin Sheshko o‘z goli bilan stadionni “portlatib”, jamoasiga uch ochkoni tortiq qildi. Qisqasi, oxirgi daqiqadagi gol — bu yerda oddiy holat emas, bu «Old Trafford»ning klassikasi.
Kerrikning aytishicha, bu stadionda doim o‘ziga xos voqealar sodir bo‘ladi va g‘alabaning asosiy mualliflari — maydondagi yigitlar.
Murabbiy hafta davomida jamoaga turli savollar berilganini ham yashirmadi. Xususan, past himoyani qanday buzish, g‘alaba shart bo‘lgan o‘yinlarda qanday harakat qilish kerakligi haqida ko‘p gap bo‘lgan. Biroq Kerrik bugungi bahs aynan shu qolipga tushmasligini ta’kidladi.
Chunki «Fulxem» — haqiqatan ham jiddiy raqib. Kerrikning fikricha, ularga qarshi o‘yinda jamoa bir qator qiyin “savollar”ga amalda javob berishga majbur bo‘lgan. Va bu testdan «Yunayted» o‘tdi.
Murabbiy futbolchilarining ruhiy barqarorligini alohida e’tirof etdi. Ayniqsa, o‘tgan hafta so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborganidan keyin ham jamoa o‘zini yo‘qotmay, oldinga intilgani va «Arsenal»ga qarshi 3:2 hisobida g‘alaba qozonganini esladi. Bu safar esa, uning ta’biri bilan aytganda, yanada og‘irroq bo‘ldi, ammo baribir “Benji uchun” g‘alaba golini topishdi.
Kerrik Sheshko haqida gapirganda ochiqchasiga xursandligini yashirmadi: murabbiyning ta’kidlashicha, u bu lahzaga to‘liq munosib. Chunki Kerrik jamoaga kelganidan beri hujumchi mashg‘ulotlarda ham, umumiy muhitda ham juda yaxshi ishlayotgan.
Murabbiy bu g‘alabani barcha uchun muhim palla, ayniqsa Sheshkoning o‘zi uchun katta turtki bo‘lishini aytdi. Bu — o‘yinchi uchun xotirada uzoq saqlanadigan his-tuyg‘u.
Kerrikning mazkur fikrlari «Sky Sports»ga bergan intervyusida keltirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!