Palmer Rosenor davrida "Chelsi"da erkinlik va ishonch topganini aytdi

Londonning "Chelsi" jamoasida kayfiyat ham, o‘yin ham boshqacha tus olmoqda. Klub yetakchilaridan biri Koul Palmer yangi tayinlangan bosh murabbiy Liam Rosenor qo‘l ostidagi ish jarayoni haqida gapirib, jamoadagi muhit va ishonch sezilarli ravishda oshganini ta’kidladi.
Palmerning aytishicha, yangi murabbiy bilan ishlash unga ham ruhiy, ham futbol nuqtayi nazaridan yoqimli ta’sir qilayapti. Eng muhimi — u futbolchilarni “qotirib” qo‘ymaydi: maydonda erkin harakat qilish, o‘z uslubini yo‘qotmasdan o‘ynash, xavfli qarorlar qabul qilishga imkon beryapti. Palmer aynan shu ishonch uning o‘yinidagi eng kuchli “vitamin” bo‘layotganini yashirmadi.
“Rosenor qo‘l ostida hayot ham, o‘yin ham ajoyib. U bizga ishonch beryapti. O‘zimiz bo‘lishimizga, erkin o‘ynashimizga sharoit yaratyapti. Tez orada meni eng yaxshi holatimda ko‘rasiz”, — degan mazmunda fikr bildirdi Palmer.
Eslatib o‘tamiz, 7 fevral kuni APLning 25-turi doirasida "Vulverxempton" maydonida o‘tgan bahsda “ko‘klar” 3:1 hisobida ishonchli g‘alabaga erishgan edi. Ushbu natijadan keyin “Chelsi” 43 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida beshinchi o‘rinda qoldi.
Palmerning gaplaridan bir narsa bilinib turibdi: jamoa ichida “qo‘rqib o‘ynash” rejimi o‘chirilyapti. Endi vazifa oddiy — shu ishonchni har turda natijaga aylantirish. Agar shu kayfiyat saqlansa, “Chelsi”ning yuqori o‘rinlar uchun kurashi yanada jiddiy tus olishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!