Karreras Valensiyaga qarshi o'yindagi g'alabani sharhladi

Madridning «Real» klubi La Liganing 23-turida «Valensiya»ni 2:0 hisobida mag'lub etdi. Uchrashuvdagi ilk gol muallifi Alvaro Karreras bo'lib, u jamoasining g'alabasiga katta hissa qo'shdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Futbolchi klub televideniyesiga bergan intervyusida o'yin og'ir kechishini oldindan bilishganini aytdi. Uning ta'kidlashicha, «Valensiya» yuqori bosim bilan o'ynagan va uch ochko ularga nihoyatda zarur bo'lgan, biroq «Real» safarga faqat g'alaba uchun borgan va safardagi yutuqlar seriyasini davom ettirish juda muhim.
Karreras gol epizodini ham izohladi: u oldinga keskin tashlanib, ikkilanmasdan bo'sh hududni ko'rganini va zarba berganini, to'p esa darvozaga aniq kirib ketganini ta'kidladi. «Maydonga chiqqanimda jamoa manfaatini birinchi o'ringa qo'yaman: himoyalanaman va darvozamiz daxlsizligini saqlashga harakat qilaman. Ammo hujumda foyda keltirish imkoniyati tug'ilsa, bor kuchimni beraman», — dedi u.
Turnir jadvalida ikkinchi o'rinda borayotgan «Real» peshqadam «Barselona»ni quvishda davom etmoqda. Jamoalar hisobida mos ravishda 57 va 58 ochko bor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!