"Bavariya" Berchimas uchun peshqadam: "Manchester Yunayted" ham umidvor...

Transfer bozorida navbatdagi qiziq “duel” boshlandi: jurnalist Ekrem Konurning Sports Boom portaliga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Bundesliga chempioni “Bavariya” AQSHning “Sharlott” klubida to‘p tepayotgan yosh qanot hujumchisi Nimfasha Berchimasni qo‘lga kiritish poygasida hozircha oldinga chiqib olgan.
Gap shundaki, 17 yoshli (yaqin kunlarda 18ga kiradigan) futbolchi allaqachon katta klublarning radaridan joy olgan. Manbada aytilishicha, Berchimas avvalroq “Manchester Yunayted”da ham ko‘rikdan o‘tgan. Angliya grandi vakillariga uning harakatlari, tezligi va qanotdagi erkinligi juda ma’qul kelgani qayd etilyapti. Shu bois “qizil shaytonlar” bu kurashda “Bavariya”ni ortda qoldirish uchun jiddiy harakat qilishi mumkin.
Shunga qaramay, hozircha myunxenliklar uchun vaziyat ancha umidli ko‘rinadi. “Bavariya” va “Sharlott” o‘rtasidagi muzokaralar ijobiy ruhda davom etayotgani, kelishuv samarali yakunlanishi ehtimoli yuqori ekani ta’kidlanmoqda. Agar tomonlar bir qarorga kelsa, Berchimas yozda “Bavariya”ning asosiy jamoasi bilan mavsum oldi yig‘iniga qo‘shilishi ham mumkin.
Yana bir muhim jihat: futbolchi 22 fevral kuni 18 yoshga to‘ladi. Demak, shartlar to‘g‘ri kelsa, transfer masalasini tezlashtirish uchun huquqiy-texnik to‘siqlar ham ancha kamayadi.
Ma’lumot o‘rnida, Nimfasha Berchimasning “Sharlott” bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil oxirigacha amal qiladi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, uning bozor qiymati hozircha 300 ming yevro atrofida. Yosh, arzon va potensiali baland futbolchi — bu transferdagi eng “xavfli kombo”. Endi intriga oddiy: “Bavariya” tezlikni ushlab qoladimi yoki “Manchester Yunayted” oxirida “sprint” qilib ketadimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!