O‘zbekiston futbol klublari xususiylashuv sari, yangi moliyaviy tizim

Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ishtirokida sport federatsiyalari hamda professional futbol klublarini rivojlantirishga qaratilgan muhim yig‘ilish o‘tkazildi. Uchrashuvda eng asosiy masala bitta: boshqaruvni “eskicha odat”dan chiqarib, zamonaviy modelga o‘tkazish.
Yig‘ilish davomida mamlakatimizda sport federatsiyalari boshqaruvini yangi tizim asosida yangilash, professional klublar faoliyatini esa butunlay boshqa bosqichga olib chiqish mavzusi atroflicha ko‘rib chiqildi. Ya’ni klublar faqat maydonda emas, kabinetlarda ham kuchli bo‘lishi kerak — hozirgi talab shu.
Xususan, sohani ko‘tarish uchun xususiy sektor ishtirokini kengaytirish, homiylik institutlarini kuchaytirish va “sponsor topish”ni tasodif emas, tizimga aylantirish bo‘yicha fikrlar bildirildi. Shu bilan birga, klublarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish, moliya masalasida esa yangicha, tartibli va hisob-kitobli mexanizmlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
O‘FA ma’lumotiga ko‘ra, klublar boshqaruvida shaffoflikni oshirish, ish samaradorligini kuchaytirish va zamonaviy yondashuvlarni kiritish alohida muhim deb topilgan. Chunki muxlislar uchun “chiroyli o‘yin” qanchalik kerak bo‘lsa, klubning ortida “toza hisobot” ham shunchalik kerak. Qisqasi, futbolimiz maydonda g‘alaba qidiryapti, endi iqtisodda ham tartib qidiradi — va bu me’yor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!