Gvardiola Donnarummaning mo‘jizaviy seyvini yana bir bor maqtadi

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola navbatdagi matbuot anjumanida ham «Liverpul»ga qarshi uchrashuvdagi eng katta burilish nuqtalaridan biri bo‘lgan epizodga qaytdi. Gap — darvozabon Janluiji Donnarummaning tom ma’nodagi fantastik seyvi haqida.
Pepning aytishicha, o‘yin vaqtida epizod jonli ko‘rinishda shunday tez va kutilmagan rivojlanganki, u rikoshetni ko‘rgan zahotiyoq ichki hissi “mana, gol” deb qichqirgan.
“O‘sha paytda to‘p rikoshetdan keyin yo‘nalishini o‘zgartirganini ko‘rdim va ichimdan gol deb o‘yladim. Ammo ba’zan omad ham sen tomonga og‘adi. Ota-onang seni shunchalik baquvvat, katta qilib ulg‘aytirgan bo‘lsa, ana shunday qutqaruvni amalga oshira olasan. Ha, bu seyvda bo‘yi balandligi katta rol o‘ynadi. Lekin Jijining sakrashdagi tezligi va kuch-quvvati ham aql bovar qilmas darajada edi. Bu chindan ham yuqori darajadagi seyv”, — deya ta’kidladi Gvardiola jurnalistlar bilan suhbatda.
Rostdan ham, Donnarummaning o‘sha harakati «Siti» uchun nafaqat bir zarbani qaytarish, balki butun uchrashuvdagi ruhiy ustunlikni saqlab qolishga xizmat qildi. Mana shunday lahzalarda darvozabon oddiy pozitsiya futbolchisi emas, balki jamoaning “suyanchig‘i”ga aylanadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu uchrashuvda «Manchester Siti» mehmonda «Liverpul»ni 2:1 hisobida mag‘lub etib, irodali g‘alabaga erishgan edi. Endi “shaharliklar” navbatdagi sinovni o‘z maydonida o‘tkazadi — raqib «Fulhem».
Gvardiola jamoasi oldindagi bahsga to‘liq diqqatni qaratgan bo‘lsa-da, «Enfild»dagi o‘sha seyv haqida qayta-qayta gap ketishi tabiiy. Chunki bunday qutqaruvlar — mavsum oxirida chempionlik va medallar masalasini hal qilib berishi mumkin bo‘lgan “oltin lahzalar”dan biri hisoblanadi.