Arauho depressiya bilan kurashgani haqida ochiq gapirdi

“Barselona”ning markaziy himoyachisi Ronald Arauho so‘nggi davrda boshidan kechirgan ruhiy bosim va ichki holati haqida gapirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Urugvaylik futbolchi noyabr oxirida mental tiklanish uchun klub bazasini vaqtincha tark etishga majbur bo‘lgan. Uning aytishicha, Yevropa Chempionlar ligasida “Chelsi”ga qarshi o‘yin eng og‘ir nuqtaga aylangan: u birinchi bo‘limning o‘zidayoq qizil kartochka olgan, jamoa esa 0:3 hisobida yutqazgan. Yanvar oyida 26 yoshli himoyachi yana safga qaytgan.
“Bir yarim yil davomida xavotir bilan kurashdim, keyin bu holat depressiyaga aylanib ketdi. Men aynan shunday ahvolda futbol o‘ynaganman”, — deydi Arauho. Uning so‘zlarini Mundo Deportivo keltirdi.
Futbolchining ta’kidlashicha, “Chelsi” bilan uchrashuvdan keyin u ko‘p narsani qayta ko‘rib chiqqan. “Hozir o‘zimni ancha baxtli his qilyapman, nihoyat sevimli ish — futbol o‘ynashdan zavq ola boshladim. Tiklanishga ketgan vaqt bekorga ketmadi, men boshqa odam bo‘ldim”, — dedi u.
Fevral boshida “Barselona” sardori Ispaniya Kubogida “Albasete”ga qarshi bahsda (2:1) gol urib, jamoasiga yordam berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!