Rosenor Chelsi durangni raqibga sovg'a qildi deydi

"Chelsi" bosh murabbiyi Liam Rosenor APLning navbatdagi turida "Lids"ga qarshi uchrashuvda qo'ldan boy berilgan g'alabadan so'ng fikr bildirdi. Londonliklar 2:2 hisobida durang o'ynadi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
"Ko'klar" 24-daqiqada Joao Pedro, 58-daqiqada esa Koul Palmerning gollari evaziga 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Biroq mehmonlar 67-daqiqada Lukas Nmecha, 73-daqiqada Noh Okafor bilan javob qaytarib, hisobni tenglashtirdi.
Rosenor ta'kidlashicha, hammasini olti daqiqa ichidagi ikki epizod hal qilgan: jamoa albatta yutishi kerak edi, ammo aynan shu vaziyatlar sabab ikki ochkoni boy berdi. Uning so'zlariga ko'ra, "Chelsi" "Lids"ga durangni o'zi taqdim etib qo'ydi.
Murabbiy BBC'ga bergan izohida futbol shundayligini, hal qiluvchi pallalarda xatoga yo'l qo'ysang, istalgan natija yuz berishi mumkinligini aytdi. U o'sha qisqa oraliqdan oldin ham, keyin ham jamoasi o'yinda ustun bo'lganini qo'shimcha qilib, bunday holat takrorlanmasligi uchun futbolchilar bilan ayrim jihatlarni muhokama qilishini bildirdi.
26 turdan so'ng "Chelsi" APL jadvalida 44 ochko bilan beshinchi o'rinda bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!