Bu yil Arne Slot uchun “Liverpul”dagi eng og‘ir mavsum sinovi...

“Liverpul” bosh murabbiyi Arne Slot joriy mavsumni o‘z faoliyatidagi eng mushkul va asabni sinovdan o‘tkazayotgan davr sifatida baholadi. Mutaxassisning aytishicha, u oldingi yillarda bunday qiyin grafik, bunday ko‘p “to‘xtab qolishlar” va natijalardagi tebranishlarni deyarli ko‘rmagan.
Slot ochiq tan oldi: bu yilgi mavsumda ham o‘zi, ham futbolchilari uchun g‘ayrioddiy holatlar ko‘payib ketdi. Chunki “Liverpul” kabi katta klubda yutqazish yoki duranglar seriyasiga ko‘nikish — juda og‘ir psixologik yuk. Uning ta’kidlashicha, avvalgi mavsumlarida hatto ketma-ket ikki uchrashuvda mag‘lub bo‘lish holatini ham kamdan kam boshidan kechirgan. Endi esa bu ssenariy ham murabbiy, ham jamoa uchun “istisno” bo‘lib turibdi.
Murabbiy uchun eng og‘ir nuqta — hissiyotni boshqarish. Mag‘lubiyatdan keyin jamoani qayta tiklash, ruhiyatni ko‘tarish o‘zi bir azob. G‘alabadan keyin esa aksincha — futbolchilarga “hammasi ideal emas, hali ish ko‘p” degan haqiqatni tushuntirish yana ham qiyinroq. Chunki katta jamoada g‘alabadan keyin kayfiyat ko‘tarilib, o‘zini “tayyor” his qilish oson, ammo aynan shu paytda hushyorlikni saqlash murakkab.
Shu bilan birga, Slot bu vaziyatdan faqat norozilik emas, foydali xulosa ham chiqarayotganini aytdi. U o‘zining ham, jamoaning ham qanday o‘sib borayotganini sezyapti. Natija — murabbiy uchun birinchi o‘rinda, lekin futbolchilar va umumiy o‘yin sifati takomillashmasa, muammolar yanada chuqurlashishini ta’kidladi.
Slotning fikricha, jarohat olganlarni hisobga olmaganda, qolgan futbolchilar har uch kunda “Liverpul” va APL talab qiladigan yuqori tempda o‘ynay oladi. Murabbiy jamoa mavsum boshiga nisbatan ancha pishib, yaxshiroq o‘ynay boshlaganini ham qayd etdi. Ammo u muhim bir jihatni alohida ta’kidladi: masala faqat o‘yin sifatida emas, taqvimda ham.
Uning aytishicha, mavsumning dastlabki olti uchrashuvi davrida haftada bir marta ikki o‘yin o‘tkazilgan, ya’ni yuklama nisbatan yengil bo‘lgan. Keyin grafik ikki barobar zichlashgach, ochkolar yo‘qotish ham ko‘paygan. Demak, muammo faqat maydonda emas — temp, tiklanish va barqarorlikni ushlab turishda ham.
Qisqasi, Arne Slot “Liverpul”dagi birinchi katta sinovini yashirmay aytdi: bu yil oson emas. Lekin shu qiyinchiliklarning o‘zi ham jamoa uchun katta dars. Va muxlislar uchun eng muhim nuqta — bu jamoa hozir “cho‘kyapti” deb emas, aksincha, kuchli bosim ostida qanday qilib yanada mustahkam bo‘lishni o‘rganyapti, deb qarash. Mavsum tugaydi, lekin shu sinovdan chiqqan “Liverpul” ertaga yanada qattiqroq xarakterga ega bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!