Aazar Mourinyo bilan mashg'ulotlar unutilmas bo'lganini aytdi

Londonning «Chelsi» klubi sobiq futbolchisi Eden Aazar Joze Mourinyo qo'l ostida ishlagan davrida nimalarni o'rganganini so'zlab berdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Aazarning ta'kidlashicha, u portugaliyalik mutaxassisdan juda ko'p jihatlarni olgan: futbolga bo'lgan ehtirosi, futbolchilarga ishonch bildirishi va mashg'ulot jarayonini yuqori darajada tashkil qilishi ayniqsa yodda qolgan. «U bilan qanday shug'ullanganimiz aql bovar qilmas darajada edi», dedi Aazar The Guardian nashriga bergan intervyusida.
Eden Aazar «Chelsi» safida 2012–2019 yillarda to'p surgan. Shundan so'ng belgiyalik futbolchi «Real»ga ko'chib o'tgan, biroq Madrid klubida kutilgan darajada o'zini ko'rsata olmagan. 32 yoshida u futbolchilik faoliyatini yakunlashga qaror qilganini e'lon qilgandi.
Hozirda Joze Mourinyo «Benfika»ni boshqarmoqda. Seshanba, 17 fevral kuni lissabonliklar Chempionlar ligasida o'z maydonida «Real»ga qarshi bahs o'tkazadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!