Haykin Realga qarshi o'ynashni ko'proq xohladi

Norvegiyaning «Bude-Glimt» klubida to'p surayotgan rossiyalik darvozabon Nikita Haykin Chempionlar ligasi pley-off bosqichi qurasi haqida fikr bildirdi. Uning aytishicha, raqib sifatida Milan «Inter»idan ko'ra Madridning «Real»i ko'proq qiziq bo'lgan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
«Rostini aytsam, ko'proq “Real”ga qarshi o'ynagim kelgandi. Har kuni “Santyago Bernabeu”da Mbappe, Vinisius va boshqalarga qarshi maydonga tushmaysan, Kurtua bilan raqobatlashmaysan», — deya Haykinning so'zlarini «Sport-Ekspress» keltirdi.
Chempionlar ligasining 1/8 finaliga yo'l olish uchun «Bude-Glimt» endi Milan «Inter»i bilan bahs olib boradi. Uchrashuvlarning birinchisi 18 fevral kuni Norvegiyada, javob o'yini esa 24 fevral kuni Italiyada bo'lib o'tadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!