Abbosbek Fayzullayev uchta imkoniyat yaratdi: Eldor Shomurodov xato qildi

Turkiya Superligasining 22-turida “Istanbul Bashakshexir” o‘z maydonida “Beshiktosh”ga qarshi juda qattiq kurashdi, ammo so‘nggi lahzalardagi gol sabab 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu bahsda mezbonlar safida ikki hamyurtimiz — Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev uchrashuvni asosiy tarkibda boshladi. Eldor 90 daqiqa to‘liq harakat qilgan bo‘lsa, Abbos 66-daqiqada almashtirildi.
Ushbu o‘yindan keyin raqamlar ham ko‘p narsani “gapirib” berdi: kim ko‘proq yaratdi, kimga imkoniyat keldi, kim qanday zonada faol bo‘ldi — barchasi statistikada aks etgan.
Eldor Shomurodov: imkoniyat bor, samara kam
Eldor bu o‘yinda jamoaning markaziy hujumchisi sifatida ko‘proq “finish” nuqtasida ko‘rindi. U 4 marta zarba berdi, shulardan 2 tasi darvozaga aniq borgan (50%). Ammo gol ham, assist ham yo‘q.
E’tiborli jihati — Eldorda bir yirik golli imkoniyat boy berilgan. Bu aynan muxlisni “haaa, shu kirsa edi…” degizadigan vaziyatlardan. Uning kutilgan gollar ko‘rsatkichi xG 0,35 bo‘lgani ham shundan dalolat: imkoniyat umuman yo‘q bo‘lmagan, faqat ish bitmagan.
Uzatiqlarda esa ko‘rsatkich o‘rtacha: 9/13 aniq pas (69%). Yaratilgan golli imkoniyatlar — 1 ta. Lekin hujumni tez o‘tkazish va so‘nggi paslarda sifat yetishmagani sezilgan: krosslar 0/1, uzun paslar 0/2.
Yakkakurashlarda: yerdagi duellarda 2/5 (40%), qoida buzilib to‘xtatilgan holatlar 2 ta. Himoyaviy statistika deyarli yo‘q — bu hujumchi uchun tabiiy, lekin o‘yin og‘ir ketganda pressing va to‘p uchun kurash ham ko‘proq ko‘zga tashlanishi kerak bo‘ladi.
Abbosbek Fayzullayev: yaratuvchanlik yuqori, zarbada omad kam
Abbosning o‘yini raqamlarda ham “kreativ” deb turibdi. U 66 daqiqa maydonda qolib, 3 ta golli imkoniyat yaratgan. Kutilgan golli uzatmalar ko‘rsatkichi ham yuqori — xA 0,39. Ya’ni, u jamoani golga olib boruvchi paslar va harakatlar bilan ta’minlashga harakat qilgan.
Zarbalar: 2 ta, lekin ikkalasi ham darvoza tomonga aniq bormagan. Bir zarbasi ustunga tekkan — demak, golga juda yaqin kelgan epizod ham bo‘lgan.
Paslarda aniqlik pastroq: 9/19 (47%). Bu ko‘pincha shunday tushuntiriladi: Abbos xavfli, riskli paslarni ko‘proq sinab ko‘rgan, shuning uchun foiz tushib ketadi. Krosslar — 1/4 (25%), burchak zarbalari — 2 ta.
Eng yoqimli tomoni — Abbos faqat hujumda emas, himoyada ham ishlagan:
- to‘p tortib olishlar: 2
- to‘pni uzoqlashtirish: 1
- to‘p yo‘lini to‘sish: 2
- qaytarib olingan to‘plar: 4
Yakkakurashlarda ham ancha zo‘r: yerdagi duellarda 3/4 (75%), havodagi duellarda 1/1 (100%). Ya’ni, u epizodlarda “yo‘qolib” qolmagan, aksincha, kurashda ham o‘ziga xos xarakter ko‘rsatgan.
Qisqa xulosa
Bu o‘yinda raqamlar shunday manzarani ko‘rsatyapti:
- Abbosbek — ko‘proq “sozlovchi”, jamoaga vaziyat yaratib beruvchi futbolchi. 3 ta imkoniyat — bu juda jiddiy ko‘rsatkich.
- Eldor — “tugatuvchi” rolda, imkoniyatga ega bo‘lgan, lekin bir yirik vaziyatni boy bergani sabab samara past chiqqan.
Endi esa navbatdagi bahs: “Bashakshehir” 21 fevral kuni “Alanyaspor”ga qarshi o‘ynaydi. Mana shu o‘yinda eng kerakli narsa — statistika emas, natija. Muxlislar ham shunga chanqoq: “raqamlar zo‘r” degandan ko‘ra, “gol bor, g‘alaba bor” degan gap shirinroq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!