Kapello Ronaldu nega hech qachon Messi darajasiga chiqmasligini aytdi

79 yoshli Fabio Kapello futbol olamidagi sukunatni buzib, navbatdagi bahsli fikrini bildirdi. Italiyalik murabbiy The Touchline nashriga bergan izohlaridan so'ng ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar avj oldi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Kapelloning ta'kidlashicha, Krishtianu Ronaldu buyuk to'purar ekani shubhasiz, ammo u portugaliyalik yulduzda Messi, Maradona yoki braziliyalik Ronalduga xos tug'ma daholikni hech qachon ko'rmagan.
«Krishtianu Ronaldu — ajoyib to'purar va nihoyatda kuchli futbolchi, lekin men unda Messi, Maradona yoki Ronaldu darajasidagi geniallikni ko'rmaganman», — dedi Kapello.
Murabbiy o'z fikrida aniq chiziq tortdi: ba'zilar imkonsizdek ko'ringan narsaga mehnat, iroda va mushak kuchi bilan erishadi, boshqalar esa to'pni olishi bilan maydonda sehr boshlanadi. Kapelloga ko'ra, Ronaldu birinchi toifadagi futbolchilardan.
41 yoshli Ronaldu hozir Saudiya Arabistonida to'p tepmoqda, baribir ko'plab gollar uryapti, jismoniy holati ham ko'pchilikni hayratga soladi. Uning kolleksiyasida beshta «Oltin to'p» bor, faoliyatida esa dunyoning eng kuchli klublari safidagi yillar alohida o'rin tutadi.
Kapelloning fikricha, Ronaldu fenomenini aynan mehnat yaratgan: u o'zini temir intizom bilan shakllantirdi, tanasini sport ilmi darajasida boshqardi, har bir detalga e'tibor qaratdi. U masofadan ham, havodan ham, kerak bo'lsa noodatiy vaziyatlarda ham gol uradi — bularning bari tinimsiz ishlash mahsuli.
Italiyalik mutaxassis esa «geniallik» tushunchasini boshqa joyga qo'yadi. Uning nazarida Maradona to'pni o'z maydonidan olib chiqib, raqiblarni go'yo hovlidagi bolalardek aldab o'tardi; braziliyalik Ronaldu eng yuqori cho'qqisida himoyachilar anglab ulgurmasidan yo'nalishni o'zgartirib, vaziyatni yakunlab qo'yardi. Messi esa maydonni go'yo shaxmat taxtasidek bir necha yurish oldindan ko'ra oladi.
Kapello Ronaldu haqida «u buyuk futbolchi bo'lib tug'ilmagan, o'zini buyuk qilgan» degan mazmunda gapirdi. Ya'ni portugaliyalikning kuchi — mehnat, takomil va o'ziga talabchanlikda, lekin u maydonga chiqishi bilan o'ziyoq reallikni o'zgartirib yuboradigan «tug'ma iste'dod» egalari qatorida emas.
Bu fikr Ronaldu muxlislariga yoqmasligi tabiiy: ular statistikani, rekordlarni, Chempionlar ligasidagi sovrinlarni, «Oltin to'p»larni dalil sifatida keltiradi. Biroq Kapello raqamlar o'lchay olmaydigan jihat — o'yinni his qilish va tabiiy daholik haqida gapirayotganini urg'uladi.
Murabbiy Ronalduga hurmatsizlik qilmayotganini ham bildirib o'tdi: u Krishtianuni «mashina» deb biladi, biroq «geniy» degan ta'rifni boshqa turdagi futbolchilarga mos ko'radi. Kapello fikricha, bu haqorat emas, tajribali mutaxassisning xulosasi.
Arman Tigranyants
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!