date

"Manchester Siti"da Husanovdan keyin “ikkinchi Husanov” kim bo‘ladi?

"Manchester Siti"da Husanovdan keyin “ikkinchi Husanov” kim bo‘ladi?

“Manchester Siti”da o‘tgan yil 20 yanvar kuni jamoaga Abduqodir Husanov kelganidan keyin boshlangan tarkibni yangilash, avlodlar almashinuvi va klubning uzoq muddatli rejasini qayta qurish jarayoni hali-haligacha to‘xtagani yo‘q. Aksincha, “shaharliklar” bu yo‘ldan qaytmasligini, katta nomlardan voz kechish evaziga yangi qahramonlar yasashga kirishganini ko‘rsatyapti.

Oxirgi bir yil ichida klub safidan ko‘p yillik tajribaga ega, “Siti”ning oltin davrida katta hissa qo‘shgan bir qator yulduzlar ketib ulgurdi. Xususan, Kayl Uoker, Kevin de Breyne, Skott Karson, Jek Grilish, Manuel Akanji, Ederson, Ilkay Gyundog‘an, Shtefan Ortega, Kelvin Fillips kabi nomlar jamoadan ajralib chiqdi. Bu ro‘yxatni o‘qishning o‘zi “Siti”ning qay darajada katta o‘zgarishlarga tayyor ekanini anglatadi.

Eng qizig‘i, klub mutasaddilari bu bilan to‘xtab qolmoqchi emas. Manbalarga ko‘ra, yana bir guruh yoshi kattaroq o‘yinchilar — Jon Stounz, Bernardu Silva, Natan Ake, Mateo Kovachich, hatto “Oltin to‘p” sohibi Rodri bilan xayrlashish ssenariysi ham kun tartibida turibdi. Ya’ni gap mayda tozalash haqida emas, to‘liq formatdagi “qayta yuklanish” haqida ketyapti.

Husanov transferi avval tavakkal deb ko‘rilgan edi

“Manchester Siti” o‘tgan yili qishda Abduqodir Husanovni olganida, ko‘p ekspertlar bu kelishuvni katta tavakkal sifatida baholagan. Chunki gap dunyoning eng talabchan jamoalaridan biriga, qattiq raqobat va bosim bo‘lgan muhitga yosh himoyachini olib kelish haqida ketardi.

Ammo amalda Husanov o‘zini katta salohiyat egasi ekanini isbotlay oldi. “Siti” himoya chizig‘ida kadrlar tanqisligi va majburiy o‘zgarishlar ko‘paygan murakkab pallalarda aynan Husanov “katta sahna”ga chiqdi: ishonchli o‘ynadi, vaziyatni his qildi, kurashlarda omadli harakat qildi va eng muhimi — muxlislarda “bu bola tayyor ekan” degan ishonchni uyg‘otdi.

Shu nuqtada klub siyosati ham boshqa tarafga burilgani aytiladi. Nufuzli manbalardan biri — cityxtra.co.uk sayti eksperti Jud Noblning yozishicha, Husanov transferi o‘zini oqlaganidan keyin “Manchester Siti” rahbariyatining transfer qarashlarida keskin burilish bo‘ldi. Endi klub sport bo‘limi asosan muntazam o‘sishga qodir, uzoq yillar jamoa sharafini himoya qila oladigan, turli uslub va pozitsiyalarga moslasha oladigan yosh futbolchilarga alohida e’tibor qarata boshlagan.

Jud Nobl bu fikrni 2025 yil qishki transfer oynasi misolida yanada ochadi: o‘shanda Abduqodir Husanov va Vitor Reys “Manchester Siti” tomonidan jami 62,9 million funt sterlingga sotib olindi. Bu — klubning himoyada yosh, istiqbolli kadrlarni tayyorlab, keyingi yillarda asosiy tarkibning suyanchig‘iga aylantirish niyati borligini ochiq ko‘rsatadi.

Keyingi “ikkinchi Husanov” kim bo‘ladi?

Endi esa bozorda yana bir ism aylanyapti. “Timtolk” nashri ma’lumotiga ko‘ra, Ugo Viana va Pep Gvardiola Husanovdan keyin jamoaga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan yangi istiqbolli futbolchi sifatida 18 yoshli markaziy himoyachi Ruud Nistadni nishonga olgan.

“Tvente” o‘yinchisi bu mavsumda asosiy tarkibga kirib borgach, Yevropadagi eng umidli yosh himoyachilardan biri sifatida tilga tushdi. Uning o‘yinlari ko‘plab elita skautlik bo‘limlari diqqatini tortgani aytilyapti. Ya’ni bu shunchaki “kuzatuv” emas — katta klublar bu bolaga jiddiy qarayapti.

Avvalroq, Kataloniyaning gigant klubi “Barselona” Nistadga eng ko‘p qiziqish bildirgani, uni Ispaniyaga olib kelish uchun harakat qilayotgani haqida gap-so‘zlar chiqqan. Ammo “La Liga” klubi moliyaviy holatidan kelib chiqib, yosh ijrochi uchun 10 million yevrodan ortiq to‘lashni istamasligi haqida xabarlar bor.

Bu yerda yana bir nozik jihat paydo bo‘lyapti: Nistadning o‘zi ham Kataloniyada unga taklif etilgan loyihaning maqsadga muvofiqligiga to‘liq ishonmagan, deyiladi. Tabiiyki, bu holat Xans-Diter Flik jamoasiga o‘tish uning karerasiga rostdan ham foyda beradimi?” degan savollarni ko‘paytirdi.

Natijada eshiklar boshqalar uchun ham ochildi. Yosh iqtidorlar bilan ishlashda katta tajribaga ega bo‘lgan nemis grantlari — “Bavariya”, “Borussiya Dortmund”, “RB Leypsig” kabi klublar ham bu vaziyatdan foydalanib, Nistadga da’vogar bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lyapti.

Premer-ligada katta raqobat, katta kurash

Shunga qaramay, bugungi kunda niderlandiyalik vunderkindga eng kuchli qiziqish aynan Angliya Premer-ligasi tarafidan ekani ta’kidlanmoqda. Xususan, “Chelsi”ga egalik qiluvchi “BlyuKo” kompaniyasi, shuningdek “Manchester Siti” va yana bir necha klubni birlashtirgan “Siti Futbol Grupp” xoldingi mutaxassislari Nistadni diqqat markazida ushlab turibdi.

Bundan tashqari, “Tottenxem”, “Aston Villa”, “Nyukasl”, “Brayton”, “Brentford” ham uning atrofidagi vaziyatni kuzatyapti. Ayrim Yevropa klublari esa mavsum boshidan beri uning barqarorligini tekshirish uchun bir necha bor skautlar yuborgani aytiladi.

Nistad nima bilan kuchli?

Nistad asosiy jamoada faqat shu mavsum debyut qilganiga qaramay, chap markaziy himoyachi pozitsiyasida o‘zini juda ishonchli ko‘rsata oldi. Mutaxassislar uning sabr-toqati, yetuk fikrlashi va qaror qabul qilish madaniyatini alohida ta’kidlayapti. Bu sifatlar himoyachi uchun juda muhim, ammo 18 yoshda bu darajadagi “sovuqqonlik” har kuni uchrayvermaydi.

“Tvente” bilan shartnomasi 2027 yilning yarmigacha amal qiladi va klub u bilan yangi, uzoq muddatli bitim tuzishga intilyapti. Lekin bu oson bo‘lmasligi mumkin: chunki Nistadning manfaatlarini himoya qilayotgan agentlar Yevropaning yetakchi klublari yosh yulduz uchun kurash olib borayotganini juda yaxshi biladi va bu — muzokaralarda narx ham, shartlar ham qattiqlashishini anglatadi.

Yakunda eng qiziq savol shu: agar bu kurashda “Manchester Siti” yutib chiqsa, Ruud Nistad “shaharliklar” uchun haqiqatan ham “ikkinchi Husanov”ga aylanishi, yangi kashfiyot sifatida tilga tushishi mumkin. Husanov qanday qilib “tavakkal” degan tamg‘adan chiqib, imkoniyatga aylansa — Nistad ham xuddi shunday yo‘lni bosib o‘tish ehtimoli bor.

Qisqasi, “Siti” endi katta nomlarni sotib olib kelib, tayyor natija kutmaydigan davrga kiryapti. Ular tayyor yulduz emas, o‘z yulduzini yasashni tanlayapti. Muxlislar uchun esa bunday jarayonning bitta plyusi bor: har mavsum yangi qahramon paydo bo‘lishi mumkin. Va bu serial hali endi qiziyapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » "Manchester Siti"da Husanovdan keyin “ikkinchi Husanov” kim bo‘ladi?