Kompani Noyerning Dortmunddagi o'yinda ishtirokini izohladi

"Bavariya" bosh murabbiyi Vensan Kompani darvozabon Manuel Noyerning Dortmundning "Borussiya"siga qarshi yaqinlashib kelayotgan bahsda maydonga tushish-tushmasligi haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
39 yoshli germaniyalik posbon avvalroq jarohati sabab "Ayntraxt"ga qarshi uchrashuvni (3:2) o'tkazib yuborgandi.
Kompani so'zlariga ko'ra, Noyerning holati kutilganidan yaxshiroq: jamoa uni uzoqroq muddatga safdan chiqadi deb o'ylagan. Murabbiy darvozabon bugun jamoa bilan mashg'ulot o'tashi mumkinligini, shundan so'ng yakuniy qaror qabul qilinishini aytdi.
Mutaxassis, agar Noyer o'ynay olmasa, darvozani so'nggi uchrashuvlarda o'zini yaxshi ko'rsatgan Urbik qo'riqlashini qo'shimcha qildi.
Bundesliganing 24-turi doirasidagi "Borussiya" — "Bavariya" uchrashuvi 28 fevral kuni bo'lib o'tadi. O'yin 22:30 da (Toshkent vaqti bilan) start oladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!