Inter Jenoani ishonchli mag'lub etib, seriyasini davom ettirdi

Qishning so'nggi oqshomida Milanidagi “San-Siro”da “Inter” “Jenoa”ni qabul qildi va A Seriyadagi g'alabalar ketma-ketligini yana bir o'yinga uzaytirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Birinchi bo'lim o'rtalarida Genrix Mxitaryan to'pni ilib ketib, jarima maydoni chizig'iga yaqin hududga uzatma tashladi. Anj-Yoan Bonni o'ng burchakka yo'llagan zarbani darvozabon sakrab bartaraf etdi. Oradan ko'p o'tmay Mxitaryan markazdan yorib kirib, jarima maydoni tashqarisidan yo'llagan zarbada to'p himoyachiga tegib yo'nalishini o'zgartirdi va to'singa tegib, yana burchak to'piga chiqib ketdi.
Keyinroq Nikolo Barella o'ng qanotdan jarima maydoni ichiga to'p oshirdi, Bonni esa bosh bilan chap burchakka yo'lladi — darvozabon bu safar ham murakkab to'pni qaytardi. 31-daqiqada esa “Inter” baribir hisobni ochdi: Federiko Dimarko Mxitaryan bilan “devor” o'ynab, jarima maydoni ichida bir teginishda uzoq burchakka aniq zarba berdi — 1:0.
Ikkinchi taymda “Inter” o'yinni nazorat qildi va 70-daqiqada farqni oshirdi. Hakan Chalxanog'lu penaltidan to'pni o'ng burchakka joyladi, darvozabon esa boshqa tomonga sakradi — 2:0.
Mehmonlar standartlardan javob qaytarishga urinib ko'rdi: Aaron Karikol jarima zarbasidan markazga oshirdi, Mikael-Egil Ellertssonning bosh zarbasi ustun yonidan o'tib ketdi. Yakunda “Inter” himoyasi xotirjam o'ynadi — darvoza oldidagi bir epizodda Manuél Akandji to'pni o'z darvozasiga burib yuboray dedi, biroq darvozabon to'g'ri pozitsiya tanlab, to'pni ushlab oldi.
Bu g'alabadan so'ng “Inter” turnir jadvalida ikkinchi o'rindagi “Milan”dan 13 ochkoga ilgarilab ketdi. “Jenoa” esa 14-o'rin atrofida qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!