Manchester Siti Oltin to'p sohibini sotuvga qo'ydi

Joriy yilning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan va "Oltin to'p" sovrinini qo'lga kiritgan Rodri faoliyatini boshqa klubda davom ettirishi mumkin. "Manchester Siti" rahbariyati ispaniyalik yarim himoyachini yozgi transferlar oynasi vaqtida sotishga tayyor ekanligini ma'lum qildi. Klub futbolchi bilan tuzilgan shartnoma 2027 yil yozida yakunlanishini inobatga olib, uni 50 million yevro evaziga qo'yib yuborishga qaror qilgan.
Ushbu futbolchiga uzoq vaqtdan buyon "Real Madrid" jiddiy qiziqish bildirib kelmoqda. Rodri ham o'z intervyularida "Qirollik klubi" safida to'p surish uning bolalikdagi orzusi ekanligini yashirmagan. Shunga qaramay, Madrid klubi mutasaddilari shoshilinch qaror qabul qilmoqchi emas. Ular avvalo futbolchining jismoniy holatini va jahon chempionatidagi o'yinlarini diqqat bilan kuzatib, tahlil qilishni rejalashtirgan.
Eslatib o'tamiz, Rodri 2019 yilda "Atletiko" safidan 70 million yevro evaziga "Manchester Siti" tarkibiga kelib qo'shilgan edi. Hozirgi kunda nufuzli Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 75 million yevro deb baholamoqda. Agar transfer amalga oshsa, bu yozgi mavsumning eng shov-shuvli o'tishlaridan biriga aylanishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!