Messi 899-golini urdi: "Inter Mayami" «Di Si Yunayted»ni mag‘lub etdi

MLS muntazam chempionatining 3-turida «Inter Mayami» safarda «Di Si Yunayted» bilan to‘qnash kelib, 2:1 hisobida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Florida klubi bu bahsda ham sovuqqonlik va aniqlik bilan harakat qilib, uch ochkoni o‘z cho‘ntagiga solib qo‘ydi.
Uchrashuvda hisob 17-daqiqada ochildi: de Paul o‘z imkoniyatidan unumli foydalanib, «Inter Mayami»ni oldinga olib chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay, 27-daqiqada Lionel Messi o‘z so‘zini aytdi — u faoliyatidagi 899-golini kiritib, jamoasining ustunligini mustahkamladi.
Ikkinchi bo‘limda mezbonlar ham oxirigacha kurashdi. 75-daqiqada Baribo bir gol bilan javob qaytarib, intrigani qaytarishga urindi. Ammo «Inter Mayami» qolgan vaqtda hisobni ushlab qoldi va o‘yinni g‘alaba bilan yakunladi.
Shu tariqa, Xaviyer Maskerano boshqaruvidagi jamoa ochkolarini 6 taga yetkazib oldi. «Di Si Yunayted» esa 3 ochko bilan qoldi.
MLS. 3-tur
Di Si Yunayted — Inter Mayami 1:2
Gollar: Baribo 75 – de Paul 17, Messi 27.
Inter Mayami: Slair, Mura, Falkon, Silva, Allen, Silvetti (Allende, 71), de Paul, Brayt, Segoviya (Lujan, 88), Berterame, Messi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!