Presnel Kimpembe Messi va Ronaldu bahsiga yakun yasadi

Parijning "PSJ" klubi sobiq himoyachisi Presnel Kimpembe futbol olamidagi abadiy bahs Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu o'rtasidagi qarama-qarshilik haqida o'z fikrini bildirdi. Fransiyalik futbolchi argentinalik yulduzning tabiiy iqtidori va texnik mahorati uni boshqa darajaga olib chiqishini ta'kidladi. Bu haqda goal.com xabar beradi.
Kimpembe 2021 va 2023 yillar oralig'ida "PSJ" safida Messi bilan birga to'p surgan. Uning so'zlariga ko'ra, Messining jamoaga kelishi butun tarkib uchun kutilmagan va hayratlanarli voqea bo'lgan. "Uning kelishi aqldan ozdiradigan holat edi. Dunyoning eng yaxshi futbolchisi mening jamoamda ekanligini bilish juda yoqimli tuyg'u edi", deydi himoyachi.

Futbolchi ikki yulduz o'rtasidagi farqni shunday izohladi: "Men ikkalasini ham hurmat qilaman, lekin tanlovim Messi. U shunchaki kuchli. Ronaldu ham buyuk mehnatkash, ammo Messi tug'ma daho. Mashg'ulotlarda uning texnikasini ko'rib, hayratda qolardim. Siz uni bosim ostida qoldirmoqchi bo'lasiz, lekin u allaqachon hamma narsani ko'rib bo'lgan va sizni aldab o'tgan bo'ladi".
Hozirda Messi "Inter Mayami" safida MLS chempionatida o'z hukmronligini o'tkazayotgan bo'lsa, 41 yoshli Ronaldu Saudiya Arabistonining "An-Nassr" klubida 1000 ta gol marrasiga yetish uchun harakat qilmoqda. O'z navbatida, 30 yoshli Kimpembe ham faoliyatida yangi sahifa ochib, Qatarning "Qatar SC" klubiga ko'chib o'tdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!