Roma irlandiyalik hujumchini sotib olishdan voz kechdi

Italiyaning "Roma" klubi o'z tarkibini kuchaytirish maqsadida ijaraga olgan irlandiyalik hujumchi Evan Fergyuson bilan xayrlashishga qaror qildi. O'tgan yozda o'zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodovni Turkiyaning "Istanbul Bashakshehir" klubiga ijaraga berib, uning o'rniga "Brayton"dan iqtidorli forvardni taklif qilgan rimliklar, bu transferdan kutilgan natijani ololmadi. Futbolchining Italiyadagi faoliyati omadsiz kechdi va u jamoa o'yiniga to'liq moslasha olmadi.
Statistikaga ko'ra, 21 yoshli hujumchi "Roma" safida barcha turnirlar doirasida 22 ta uchrashuvda maydonga tushib, atigi 5 ta gol va 2 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Vaziyatni yanada murakkablashtirgan omil esa futbolchining jiddiy jarohat olgani bo'ldi. To'pig'idan olgan og'ir jarohati sababli Fergyuson mavsumning qolgan qismini o'tkazib yuborishi aniq bo'ldi. "Football Italia" nashrining xabar berishicha, futbolchi operatsiya qilinishi uchun Buyuk Britaniyaga yo'l oladi.
Eslatib o'tamiz, Fergyuson faoliyatining boshida Angliya Premyer ligasida juda yorqin o'yinlari bilan e'tiborni tortgan edi. Biroq, uni doimiy ravishda ta'qib qilayotgan jarohatlar, jumladan 2023-2024 yilgi mavsumdagi xochsimon bog'lamlarning uzilishi va joriy mavsum boshidagi sog'liq bilan bog'liq muammolar uning o'sishiga to'sqinlik qildi. Shu sababli, "Roma" rahbariyati "Brayton" bilan tuzilgan shartnomadagi futbolchini to'liq sotib olish huquqidan foydalanmaslikka qaror qildi. Mavsum yakunlangach, irlandiyalik futbolchi o'zining asosiy klubi Angliyaga qaytarib yuboriladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!