Ivan Boshkovich OKMK (2:2) bilan o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi...

«So‘g‘diyona» bosh murabbiyi Ivan Boshkovich Superliga 3-turidan o‘rin olgan OKMK (2:2) bilan o‘yindan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
«Har doimgidek OKMK va «So‘g‘diyona» o‘rtasidagi uchrashuv yana qiziq kechdi. Muxlislar qiziqarli bahs guvohi bo‘lishdi, deb o‘ylayman. Intriga o‘yin oxirigacha saqlab qolindi. Reja bo‘yicha ish olib bordik va birinchi golni urdik. Shundan so‘ng raqib tomonidan bosimga duch keldik, havodan ko‘p to‘p uzatishlar amalga oshirildi, qanotdan va o‘rtadan to‘p uzatishlarni ko‘rdik. G‘alabani saqlab qola olmadik, ammo oxirigacha kurashdik.
Futbolchilarga e’tirozim yo‘q, bir ochkoni haqli qo‘lga kiritdik. FIFA kunlariga qadar yana bitta o‘yinimiz qoldi. O‘sha bahsni ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga harakat qilamiz.
— Qiziqarli o‘yin uchun sizga ham rahmat. Savolim shunday: Lyupcho Doriyevning almashtirilishi nima bilan bog‘liq? Chunki usiz jamoa o‘zgarib qoldi.
— Kichik jarohat ro‘y berdi. Shu bois futbolchimizning holati bilan tavakkal qilishni xohlamadik. Oldinda «Paxtakor»ga qarshi bahs kutmoqda, shuning uchun Doriyevni almashtirdik va keyingi o‘yinga saqlashga qaror qildik. Doriyevsiz ham jamoa o‘ynashda davom etdi. Gol urdik.
To‘g‘ri, Doriyev — biz uchun muhim o‘yinchi, uning mahoratiga ko‘z yuma olmaymiz, lekin futbolni butun jamoa o‘ynaydi.
— Jamoangiz o‘tgan yilgidek mavsumni yomon boshladi. Uchta o‘yinda atigi 1 ochko va bir nechta gollar o‘tkazib yuborish. Bu nima bilan bog‘liq?
— Bundan afsuslanish kerak emas, deb o‘ylayman. Hali oldinda o‘yinlar ko‘p. Hammaning o‘z muammolari bor. Jarohatlar xalal beryapti: Qahramonov, Ivanovichda jarohat bor. Qobilov qizil kartochka olib qoldi. Biz uchun hamma futbolchilar qadrli, zaxiradagilar ham. Shuning uchun dod-faryod chekmoqchi emasmiz. Hamma o‘z ishini qilyapti. Rahbariyat bizga eng yaxshi sharoitni qilib berishga harakat qilmoqda. Taslim bo‘lganimiz yo‘q.
— Mirkovich 3 o‘yinda 8 ta to‘p o‘tkazdi. Unga keyingi bahsda ham ishonasizmi? Umuman jamoada darvozabonlar orasida raqobat qanday?
— Darvozabon uchun to‘p o‘tkazishdan o‘tkazmaslik yaxshi degan gap bor. Buni bilamiz. Lekin o‘yinda gollarni butun jamoa o‘tkazyapti, faqat darvozabon emas. Men ham o‘z paytida ko‘p yil futbol o‘ynaganim uchun maydonda nimalar sodir bo‘layotganini juda yaxshi tushunaman.
Mirkovich — yaxshi darvozabon, u moslashuv jarayonini boshdan o‘tkazyapti. Bu — tabiiy hol. Vaqti kelib u ham o‘zini ko‘rsatadi, mana ko‘rasiz. Yaxshi natijalar albatta bo‘ladi. Shov-shuv ko‘tarish kerak emas. Ishlashda davom etsak, hammasi yaxshi bo‘ladi, — deya chernogoriyalik mutaxassisning so‘zlarini keltiradi Jizzax klubi matbuot xizmati.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!