Ismoilov Superkubok finali oldidan matbuot anjumanida nimalar dedi?

Foto: PFL
O‘zbekiston Superkubogi doirasidagi final uchrashuvi «Neftchi» va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasida ertaga, 15 mart kuni Andijondagi «Bobur arena»da bo‘lib o‘tadi. Bellashuv oldidan ikki jamoa vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
«Neftchi» bosh murabbiyi Islombek Ismoilov jamoaning finalga yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday muhim bahslarda taktik jihatlardan ko‘ra futbolchilarning xarakteri ustunlik qiladi. Ismoilov shuningdek, har bir o‘yinchi bilan alohida suhbatlar olib borish orqali ularga tushuntirishga harakat qilayotganini aytdi.
Murabbiyning ta’kidlashicha, har bir jamoa muhim bahslarda tezkor gol urishga intiladi. Agar jamoa dastlabki daqiqalarda samarali gol ursa, bu qo‘shimcha motivatsiyaga aylanadi. Shu bois, «Neftchi»ning eng yaxshi futbolchilari ertangi maydonda o‘z salohiyatini ko‘rsatishga tayyor.
Ikrom Aliboyev esa 100 foiz o‘yinga tayyor ekanini ma’lum qildi. Ismoilov shu bilan birga, jamoaviy muhit yaxshi va ketma-ket g‘alabalar futbolchilarda ishonchni oshirganini ta’kidladi.
Jamoa sardori Anvarjon G‘ofurov ham finalga tayyorgarlikka alohida e’tibor qaratilganini aytdi. Uning fikriga ko‘ra, klub tarixida ilk bor ishtirok etayotgan Superkubok finali tabiiy hayajon tug‘diradi, ammo jamoa yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan va maydonda o‘zini namoyon etishga tayyor.
Ertangi bahs nafaqat muxlislar uchun katta qiziqish, balki har ikki jamoa uchun ham Superkubokni qo‘lga kiritish yo‘lida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!