Xoland “Manchester Siti”da qolib, La Liga orzusini kechiktirmoqda

“Manchester Siti” hujumchisi Erling Xoland so‘nggi vaqtlarda transferlar atrofidagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan futbolchilardan biriga aylandi. Ayniqsa, norvegiyalik goleador kelajagi doimiy ravishda “Barselona” va “Real” kabi grand klublar bilan bog‘lanmoqda.
Ispaniyaning nufuzli nashrlaridan biri hisoblangan El Nacional jurnalistlari bu masalani chuqur tahlil qilib chiqdi. Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025–2026 yilgi mavsum yakunlanganidan so‘ng ham Erling Xoland klubini o‘zgartirish niyatida emas.
25 yoshli to‘purar hozirgi paytda faoliyatini “Manchester Siti”da davom ettirishni eng to‘g‘ri va manfaatli qaror deb hisoblamoqda. Yuqori maosh, barqaror o‘yin amaliyoti va jamoadagi qulay muhit uning bu qarorini mustahkamlamoqda.
Shu bilan birga, Erling Xoland kelajakda Ispaniyaning La Liga chempionatida o‘z kuchini sinab ko‘rishni istashini ham yashirmayapti. Biroq u bu reja uchun hali erta ekanini tushunib turibdi. Shu sababli, kelayotgan yozgi transfer oynasida “Barselona” yoki “Real”ga o‘tishni maqbul variant sifatida ko‘rmayapti.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Erling Xolandning transfer qiymati hozirda taxminan 200 million yevro atrofida baholanmoqda. Uning “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi esa 2034-yil yozigacha mo‘ljallangan.
Qisqasi, Xoland hozircha Manchesterdagi “missiyasi”ni davom ettirish niyatida. Ispaniya safarini esa keyinga qoldirgan — demak, intriga hali oldinda, muxlislar uchun esa yana ko‘p gap-so‘zlar tayyor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!