O‘zbekiston ayollar termasi Filippinga qarshi tarixiy bahsga tayyor

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ertaga Osiyo Kubogi pley-off bosqichida Filippinga qarshi Jahon chempionati yo'llanmasi hal bo'ladigan bahsda maydonga tushadi. Bosh murabbiy Kotrina Kulbite uchrashuvni tarixiy imkoniyat deb atab, jamoa o'z tayyorgarligi va o'yin rejasiga ishonishini bildirdi. Futbolchi Lyudmila Karachik esa kuchli raqibga qarshi maksimal darajada yaxshi o'yin namoyish etishga tayyor ekanini aytdi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi ertaga Osiyo Kubogi pley-off bosqichida kuchli Filippin termasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv oldidan matbuot anjumanida jamoa bosh murabbiyi Kotrina Kulbite va futbolchi Lyudmila Karachik ishtirok etdi.
Kulbite o‘z nutqida ertangi bahsning ahamiyatiga alohida to‘xtalib: “Bu biz uchun tarixiy imkoniyat va ajoyib lahza. Pley-off bosqichidamiz, tarix yaratishga bir qadam qoldi. Ertangi o‘yin juda muhim, lekin biz buni bosim sifatida emas, ishonch bilan qabul qilamiz. Barcha futbolchilar bu bosqichga yetib kelish uchun katta mehnat qildi, ular bu imkoniyatga loyiq. Har bir raqib tayyor va kurashuvchan. Biz o‘z tayyorgarligimiz va o‘yin rejamizga ishonamiz va imkoniyatdan samarali foydalanamiz”, — dedi.
Futbolchi Lyudmila Karachik esa shunday fikr bildirdi: “Ertaga ajoyib bahs kutmoqda. Bu o‘yin orqali Jahon chempionati yo‘llanmasi hal bo‘ladi. Raqib kuchli va har tomonlama kurashuvchan. Biz ham yuqori tayyorgarlikdamiz va maksimal darajada yaxshi o‘yin namoyish etishga tayyormiz”.
Termamizning ertangi bahsi muxlislar uchun ham hayajonli, ham tarixiy ahamiyatga ega va futbolchilar bu imkoniyatdan to‘liq foydalanish uchun maydonga barcha kuch va strategiyasini safarbar qiladi.































Izohlar 0
…