Laporta FIFAni tanqid qildi: Rafinya jarohati klubni g‘azablantirdi

Kataloniyaning mashhur klubi — “Barselona” prezidenti Joan Laporta xalqaro o‘yinlar taqvimi borasida FIFAga nisbatan keskin tanqidiy fikrlar bildirdi. Bu norozilikka jamoa vingeri Rafinyaning Fransiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida olgan jarohati sabab bo‘ldi. Maʼlum qilinishicha, braziliyalik futbolchi taxminan 5 hafta davomida maydondan chetda qoladi.
Laporta ushbu holatni ochiqchasiga “sharmandalik” deb baholab, xalqaro futbol taqvimidagi zichlikka eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlashicha, FIFA katta klublarda to‘p tepayotgan futbolchilar manfaatini ham hisobga olgan holda taqvimni qayta ko‘rib chiqishi zarur.
“Rafinyaning jarohati — bu mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Oddiy o‘rtoqlik o‘yinida jamoamizning yetakchi futbolchilaridan biri jarohat oldi. Albatta, bu bizni qattiq g‘azablantiradi”, — dedi klub rahbari.
U shuningdek, futbolchilarni ayblash noto‘g‘ri ekanini ham taʼkidladi. “Ular professional, o‘z mamlakatlari uchun bor kuchini ishlatadi. Muammo — taqvimda. Ayniqsa, mavsumning hal qiluvchi bosqichida bu kabi zich grafik katta muammolar keltirib chiqaradi”, — dedi Laporta.
Klub rahbarining fikricha, aynan hozirgi pallada “Barselona” barcha musobaqalarda yuqori natija uchun kurashayotgan bir vaqtda yetakchi o‘yinchining jarohat olishi jamoa rejalariga jiddiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
Bu holat yana bir bor futbol taqvimi va futbolchilar salomatligi o‘rtasidagi muvozanat masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Muxlislar esa oddiy savol bermoqda: natija muhimmi yoki futbolchilar sog‘ligi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!