Krishtianu Ronaldu urgan 6 ta gol bekor qilinadimi?

Sofascore statistik portali 2023 yilda bo‘lib o‘tgan Arab klublari chempionatida Krishtianu Ronaldu tomonidan urilgan 6 ta gol bo‘yicha rasmiy izoh berdi. Mutaxassislar taʼkidlashicha, turnirning xalqaro maqomi hali FIFA tomonidan to‘liq aniqlab berilmagani sababli statistik platformalarda turli hisob-kitoblar yuzaga kelmoqda.
Aynan shu sababli ayrim manbalar Ronalduning umumiy gollari sonini 961 ta deb ko‘rsatsa, boshqa hisob-kitoblarda raqamlar biroz farq qiladi.
Sofascore esa o‘z pozitsiyasini ochiq bildirdi va ushbu 6 ta golni futbolchining professional karyerasiga qo‘shilgan rasmiy natijalar sifatida qayd etdi. Shu tariqa ularning hisob-kitobiga ko‘ra, portugaliyalik yulduzning umumiy gollari soni 967 taga yetgan.
“Bu turnir doimiy ravishda bizning maʼlumotlar bazamizda mavjud bo‘lgan. Shuning uchun mazkur 6 ta gol ham uning karyera statistikasiga kiritiladi. Bizdagi hisob-kitobga ko‘ra, Ronalduning umumiy gollari 967 ta”, — deyiladi portal bayonotida.
Shu bilan birga, platforma foydalanuvchilar fikrini ham eʼtiborga olishini va Ronalduning 1000 ta gollik tarixiy nishon sari yo‘lini doimiy kuzatib borishini maʼlum qildi.
“FIFA tomonidan yakuniy o‘zgarishlar kiritilmaguncha, hisob-kitoblar shu tarzda qoladi”, — deya qo‘shimcha qildi Sofascore.
Futbol muxlislari esa Ronalduning har bir golini tarixiy natija sifatida qiziqish bilan kuzatishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!