Mikel Arteta: “Bornmut”dan mag‘lubiyatga uchrash og‘riqli zarba bo‘ldi...

Angliya Premyer-ligasining 32-turida chempionlik uchun kurashayotgan “Arsenal” o‘z maydonida “Bornmut”ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, juda muhim uch ochkodan mahrum bo‘ldi. “Kanonirlar” nafaqat hisobda, balki o‘yin dinamikasi va nazorat jihatidan ham raqibga yetisha olmadi.
O‘yindan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Mikel Arteta ushbu mag‘lubiyatni qattiq tanqid qilib, uni “yuzga berilgan katta zarba” deb taʼrifladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu natija jamoa uchun ruhiy va sport jihatdan jiddiy sinov bo‘lgan.
Premyer-liganing hal qiluvchi bosqichida “Arsenal” yetakchiligi yana-da beqaror ko‘rinish olayotgan bir paytda Arteta jamoasi bu o‘yinni mutlaqo omadsiz o‘tkazganini ochiq tan oldi.
— Bu juda og‘riqli mag‘lubiyat. Bu biz uchun katta zarba. Endi eng muhim savol — biz bu vaziyatga qanday javob beramiz?
“Bornmut”ga albatta eʼtirof bildirish kerak, chunki ular 11 o‘yindan beri mag‘lubiyat ko‘rmayapti. Ular o‘yinni yaxshi tashkil qildi. Biz esa birinchi bo‘limda raqibni o‘qish va to‘pni qaytarib olishda qiynaldik.
Raqib o‘zining birinchi real imkoniyatidanoq foydalanib, jarima maydonimizga kirib keldi. Rikoshet va himoyadagi noaniq harakat golga sabab bo‘ldi.
Bunday holatda ruhiy jihatdan tez tiklanish kerak edi. Biz o‘yinga qaytishga harakat qildik, penaltidan gol urdik va vaziyat o‘zgaradi, deb o‘yladik. Ammo afsuski, bugun juda ko‘p tushunarsiz va xatolarga boy harakatlar bo‘ldi.
Hozirgacha jamoa barqaror o‘yin ko‘rsatib kelayotgan edi. Futbolda esa bunday vaziyatlar bo‘lib turadi — raqib imkoniyatlardan to‘liq foydalanganini tan olish kerak. Ular kam zarba bergan bo‘lsa-da, maksimal natijaga erishdi, biz esa o‘z darajamizdan ancha past o‘ynadik.
Futbolchilar juda qattiq afsusda, bu tabiiy. Endi esa ikki yo‘l bor: yo tiklanib kurashni davom ettirish, yo esa taslim bo‘lish. Hozir bizga aynan kuch va xarakter kerak.
Bu hafta juda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Hali ham ikki turnirda kurash davom etmoqda, lekin biz albatta yana-da kuchliroq bo‘lishimiz shart, — dedi Mikel Arteta.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!