Rafinya hakamlikni qattiq tanqid qildi, norozilik bildirdi

“Barselona” jamoasining vingeri Rafinya jarohati sabab muhim o‘yinni o‘tkazib yubordi. Biroq u maydondan tashqarida ham katta shov-shuv uyg‘otdi. Jamoasi UEFA Chempionlar ligasidan chiqib ketganidan so‘ng, u “Atletiko”ga qarshi ikki o‘yinli duel haqida keskin fikr bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, umumiy hisob 2:3 bo‘lgan uchrashuvlarda jamoasiga nisbatan adolatsiz qarorlar qabul qilingan. Rafinya hakamlar ishini qattiq tanqid qilib, ularning faoliyati juda past darajada bo‘lganini taʼkidladi.
- "Menimcha, bu o‘yin bizdan ochiqchasiga o‘g‘irlab ketildi. Hakamlarning ishi juda past darajada bo‘ldi, ularning qarorlari tushunarsiz edi", - dedi Rafinya.
Futbolchi fikricha, raqib tomon ko‘p bor qoida buzgan bo‘lsa-da, hakamlar biror marta ham ogohlantirish bermagan. U “Barselona”ga g‘alaba uchun yetarli imkoniyat berilmaganini alohida qayd etdi.
- "Raqib juda ko‘p bor o‘yin qoidasini buzdi, ammo hakam biror marotaba ham ogohlantirish bermadi. Nega “Barselona”ga g‘alaba qozonishga imkoniyat berilmagani menga tushunarsiz", - dedi Rafinya.
Rafinyaning taʼkidlashicha, o‘yinda muvaffaqiyatga erishish uchun odatdagidan bir necha barobar ko‘proq kuch sarflashga to‘g‘ri kelgan, bu esa vaziyatni yana-da qiyinlashtirgan.
- "Muvvafaqiyatga erishish uchun odatdagidan uch barobar ko‘proq kuch sarflash kerak bo‘lganini tushunish qiyin edi", - dedi Rafinya.
U hakam xatolari inson omili ekanini tushunishini aytgan bo‘lsa-da, ketma-ket ikki uchrashuvda bir xil xatolar takrorlanishi jiddiy savollar uyg‘otishini bildirdi.
- "Xato qilish insoniy omil, buni tushunaman. Lekin ketma-ket 2 o‘yinda shunday xatolar haqida nima deyish mumkin?", - dedi Rafinya.
Futbolchi fikricha, ikki o‘yin ham adolatli o‘tmagan va keyingi bosqichga chiqish imkoniyati jamoadan “tortib olingan”. U hatto hakamlar nima uchun “Barselona” g‘alaba qozonishidan xavotirlanishini ham tushunolmasligini aytdi.
- "Ikki o‘yin adolatli o‘tmadi, keyingi bosqich masalasini bizdan o‘g‘irlashdi. Hakamlar nima sababdan Barselonaning g‘alaba qozonishidan qo‘rqishlarini bilishni istayman", - dedi futbolchi.
Shu tariqa Rafinyaning bayonoti Yevropa futbolida hakamlik mavzusini yana bir bor muhokama markaziga olib chiqdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!