"Manchester Yunayted" va "Liverpul" klublari Mateus Manega qiziqish bildirmoqda

"Vulverxempton"ning 18 yoshli yarim himoyachisi Mateus Mane yozgi transfer oynasida "Manchester Yunayted" yoki "Liverpul"ga o'tishi mumkin. Yosh iqtidor egasi joriy mavsumning ikkinchi yarmida o'zining yorqin o'yinlari bilan Angliya elitasining e'tiborini tortdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Mane Portugaliyada Gvineya-Bisaudan kelgan oilada tug'ilgan. 2015-yilda onasi bilan Manchesterga ko'chib o'tgan.
Dastlabki yillarda u ingliz tilini umuman bilmagan, ammo futbol orqali o'zini ko'rsata olgan.
2023-yilda u "Rochdeyl" akademiyasiga qabul qilingan va tez orada "Vulverxempton" skautlari nazariga tushgan. Muvaffaqiyatli sinovdan so'ng klub bilan shartnoma imzolagan.
Mateus Mane "Vulverxempton" tarixidagi Premyer-ligada maydonga tushgan eng yosh futbolchiga aylandi. U "Vest Xem"ga qarshi o'yinda o'zining kattalar jamoasidagi dastlabki golini urishga muvaffaq bo'ldi.
Jamoa bosh murabbiyi Rob Edvards uning maydonni ko'rish qobiliyati va tezligini yuqori baholadi. Hozirda Mane asosan hujumkor yarim himoyachi pozitsiyasida o'ynamoqda va o'z harakatlari bilan ajralib turadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!