Gvardiola yangi himoyachi izlamoqda Araujo uchun kurash qizimoqda

Angliyaning “Manchester Siti” klubi yozgi transferlar oynasi oldidan himoya chizig‘ini kuchaytirish ustida ish boshlagan. Portugaliya matbuotida tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Xosep Gvardiola jamoasi “Sporting” himoyachisi Maksi Arauxoni o‘z safiga qo‘shib olish uchun jiddiy harakat qilmoqda.
Qizig‘i shundaki, iqtidorli urugvaylik futbolchi uchun kurashda “Manchester Siti”ning asosiy raqobatchisi yana shaharning boshqa grandi — “Manchester Yunayted” bo‘lishi mumkin.
26 yoshli Maksi Arauxo joriy mavsumda Lissabon klubining eng barqaror va ishonchli futbolchilaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Ayniqsa, u Chempionlar ligasida “Arsenal” va PSJ kabi Yevropa grandlariga qarshi bahslarda o‘zining yuqori saviyasini namoyon qildi.
Mutaxassislar uning himoyadagi ishonchli harakatlari, to‘p olib qo‘yishdagi aniqligi va universal o‘yinini yuqori baholamoqda. Arauxo nafaqat chap qanot himoyachisi sifatida, balki yarim himoya markazida ham samarali harakat qila oladi. Bu esa uni Xosep Gvardiola tizimi uchun juda mos futbolchiga aylantirmoqda.
Portugaliyaning mashhur A Bola nashri ma’lumotiga ko‘ra, hozircha futbolchini sotib olish uchun asosiy da’vogarlar sifatida aynan Manchesterning ikki klubi ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, avvalroq “Tottenxem” va “Chelsi” ham Maksi Arauxoga qiziqish bildirgani aytilgan edi. London klublari hatto futbolchining o‘yinlarini kuzatish uchun maxsus skautlar yuborgan.
Biroq “Sporting” rahbariyati hozircha futbolchisini qo‘yib yuborish niyatida emas. Aksincha, klub Arauxoga yaxshiroq shartlar va yuqoriroq maosh taklif qilib, uni uzoqroq saqlab qolishni rejalashtirmoqda.
Futbolchining amaldagi shartnomasi 2029 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, unda 69 million funt sterling miqdorida tovon puli belgilangan. Shu sababli, uning transferi oson kechmasligi aniq.
Shunga qaramay, “Manchester Siti”ning sport yo‘nalishidagi muhim figuralaridan biri Ugu Viananing Lissabon klubi bilan yaxshi munosabatlarga ega ekani “shaharliklar”ga muzokaralarda ma’lum ustunlik berishi mumkinligi aytilmoqda.
Futbol tahlilchilari fikricha, agar bu transfer amalga oshsa, Maksi Arauxo Premer-ligadagi eng qiziqarli himoyachilardan biriga aylanishi mumkin. Uning universalligi va yuqori tempda o‘ynay olishi esa Gvardiola uslubidagi futbol uchun juda muhim omil hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!