Dembele “PSJ” bilan yangi shartnoma imzolashi mumkin...

“PSJ” hujumchisi Usmon Dembele faoliyatini Parij klubida davom ettirishi kutilmoqda. L'Equipe nashrining xabar berishicha, fransuz grandi futbolchi bilan yangi uzoq muddatli shartnoma imzolashga jiddiy ishonmoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar allaqachon muzokaralarning dastlabki bosqichini o‘tkazib bo‘lgan. Hozirda “PSJ” rahbariyati va Dembele vakillari Chempionlar ligasi finalidan keyin yana stol atrofiga qaytib, kelishuvni davom ettirishga kelishib olgan.
Dembele joriy mavsumda Parij klubi uchun muhim figuralardan biriga aylandi. U hujum chizig‘ida tezligi, texnikasi va kutilmagan qarorlari bilan raqib himoyachilariga jiddiy muammo tug‘dirmoqda. Eng muhimi, fransuz futbolchisi bu mavsumda nafaqat o‘yin sifati, balki samaradorlik borasida ham o‘zini ko‘rsata oldi.
Usmon Dembele ushbu mavsumda “PSJ” safida 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 19 ta gol urdi va 10 ta assist muallifi bo‘ldi. Bu ko‘rsatkichlar uning jamoa hujumida qanchalik muhim o‘rin tutayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Futbolchi bilan amaldagi shartnoma 2028 yil yoziga qadar mo‘ljallangan. Shunga qaramay, “PSJ” rahbariyati uni yanada uzoq muddatga Parijda saqlab qolishni istamoqda. Bu esa klubning Dembelega bo‘lgan ishonchi yuqori ekanini anglatadi.
Chempionlar ligasi finali oldidan bunday muzokaralarni vaqtincha to‘xtatish ham tushunarli. Hozir futbolchining asosiy e’tibori maydondagi hal qiluvchi bahsga qaratilgan. Finaldan keyin esa tomonlar shartnoma masalasini yana muhokama qiladi.
Dembele uchun ham “PSJ”da qolish mantiqiy qaror bo‘lishi mumkin. U jamoada o‘z o‘rnini topdi, Luis Enrike tizimida muhim futbolchiga aylandi va muxlislar ishonchini qozonmoqda. Qisqasi, Parijda Dembele uchun ham sahna bor, rol bor, endi faqat kelishuvni rasmiylashtirish qolgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!