Bavariya sport direktori Maks Eberl iste'foga chiqishi mumkin

Myunxenning Bavariya klubi rahbariyati sport direktori Maks Eberlning faoliyatidan norozi bo'lmoqda. Klub kuzatuv kengashi yaqin kunlarda direktorlar kengashi ishini tahlil qiladi va unda Eberlning kelajagi asosiy mavzulardan biri bo'lishi kutilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Klub ichidagi manbalarga ko'ra, ayrim rahbarlar Eberlning transfer bozoridagi yumshoq siyosatidan shikoyat qilishmoqda. Uning agentlar bilan muzokaralarda haddan tashqari yon berishi va klubning nufuziga putur yetkazayotgani tanqid qilinmoqda. Xususan, faxriy prezident Uli Xyones ham ommaviy chiqishlarida Eberlning ish uslubini yetarlicha qat'iy emas deb atagan edi.
Shuningdek, Eberl jamoa ichida yakka tartibda qaror qabul qilishda va sog'lom muhokama madaniyatini shakllantira olmaslikda ayblanmoqda. Uning transfer strategiyasi klub xarajatlarining asossiz oshib ketishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirlar mavjud.
Biroq, Maks Eberlning himoyachilari ham yo'q emas. Uning bosh murabbiy Vinsent Kompani va iqtidorli futbolchi Maykl Olisening jamoaga kelishidagi hissasi yuqori baholanmoqda. Uli Xyonesning so'nggi intervyularida Eberlni qo'llab-quvvatlashi direktor uchun muhim yutuq bo'ldi.
Bavariya rahbariyati yaqin kelajakda klubning transfer siyosati va boshqaruv tizimini qayta ko'rib chiqishni rejalashtirmoqda. Eberl o'z lavozimini saqlab qolish uchun kuzatuv kengashi oldida o'zining samaradorligini isbotlashi kerak bo'ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!