Bavariya sport direktori Maks Eberl Saudiya klubi nishonida

Bavariya klubi sport direktori Maks Eberlga Saudiya Arabistonining Al-Ittihad klubi qiziqish bildirmoqda. Xabarlarga koʻra, tomonlar oʻrtasida muzokaralar oʻtkazilgan, biroq klubning kelajakdagi strategiyasi borasidagi qarashlar turlicha boʻlgani sababli kelishuvga erishilmagan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Maks Eberlning Bavariya bilan shartnomasi 2027-yilga qadar moʻljallangan. Mutaxassis Myunxenda uzoq muddat qolish niyatida ekanligini taʼkidlagan boʻlsa-da, klub rahbariyati may oyi oxirida boshqaruv jamoasi faoliyatini tahlil qilishni rejalashtirmoqda.
Ayni damda Bavariya ichida Eberl va Kristof Froynd oʻrtasidagi munosabatlar taranglashgani haqida mish-mishlar tarqalgan. OAV maʼlumotlariga koʻra, ularning hamkorligi kutilganidek samarali boʻlmayapti va bu holat klub ichki muhitiga taʼsir koʻrsatmoqda.
Shuningdek, Eberlning transfer siyosati ham tanqid ostiga olinmoqda. Ayrim rasmiylar uni agentlar taʼsiriga oson berilishda va muzokaralarda yetarlicha qatʼiyat koʻrsatmaslikda ayblashmoqda, bu esa klubning transfer xarajatlarini oshirib yuborayotgani aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!