Arne Slot Xarvi Elliottning Liverpulga qaytishi haqida gapirdi

Liverpul bosh murabbiyi Arne Slot Xarvi Elliottning kelajagi borasida aniqlik kiritdi. Yosh yarim himoyachi Aston Villa safidagi muvaffaqiyatsiz ijara muddatidan so'ng, mavsumoldi tayyorgarlik jarayonida asosiy jamoa safiga qaytadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
23 yoshli futbolchi joriy mavsumning katta qismini Aston Villa tarkibida o'tkazdi, biroq Unai Emery qo'l ostida yetarlicha o'yin amaliyotiga ega bo'lmadi. U butun mavsum davomida bor-yo'g'i 284 daqiqa maydonda harakat qildi, bu esa barcha tomonlar kutgan natijadan yiroq bo'ldi.
Arne Slot matbuot anjumanida Elliottning kelasi mavsumda Liverpul tarkibida bo'lishini tasdiqladi. Niderlandiyalik mutaxassis futbolchining rivojlanishi uchun bu ijara kelishuvi kutilganidek samara bermaganini tan oldi.
Murabbiyning so'zlariga ko'ra, Elliott Liverpulda bo'lgan vaqtida Aston Villadagiga qaraganda ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lgan. Shunga qaramay, klub futbolchini yana ijaraga berishni rejalashtirmayapti va uni jamoa tarkibida saqlab qolmoqchi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!