Roberto Martinez 2026-yilgi jahon chempionatida Cristiano Ronaldoni qanday boshqaradi

Portugaliya terma jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martinez 2026-yilgi jahon chempionatida Cristiano Ronaldodan foydalanish bo‘yicha o‘z rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Mutaxassisning ta’kidlashicha, afsonaviy hujumchini turnir davomida boshqarish jarayoni juda tabiiy kechadi va klublardagi kabi qat’iy qoliplarga tayanmaydi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Martinez klub va terma jamoa o‘rtasidagi farqni alohida qayd etdi. Agar klub murabbiylari uzoq mavsum davomida futbolchilarning charchoq darajasini hisobga olishlari kerak bo‘lsa, jahon chempionati kabi qisqa muddatli turnirlarda vaziyatga qarab ish tutish talab etiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yosh yoki jismoniy ko‘rsatkichlardan ko‘ra, har bir o‘yinning ahamiyati birinchi o‘ringa chiqadi.
Portugaliya ustozi jamoa oldida dastlab guruh bosqichidagi uchta o‘yin turganini va barcha e’tibor aynan shu bahslarga qaratilganini bildirdi. U o‘tgan ikki yil davomida Cristiano Ronaldo bilan birga o‘tkazilgan qariyb 40 ta o‘yin tajribasi jamoa ichidagi muhitni to‘g‘ri boshqarishga yetarli ekanligiga ishonch bildirmoqda.
Al-Nassr yulduzi uchun bu turnir xalqaro maydondagi so‘nggi yirik musobaqa bo‘lishi kutilmoqda. Martinez esa murabbiylar shtabi va sardor o‘rtasidagi o‘zaro tushunish hamda to‘plangan ma’lumotlar turnir davomida yuzaga keladigan qiyinchiliklarni yengib o‘tishda asosiy omil bo‘lishini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!