Álvaro Arbeloa Real Madridni tark etmoqda: Mourinho qaytishi kutilmoqda

José Mourinho Real Madridga qaytishi tobora oydinlashmoqda. Juma kuni klubning amaldagi bosh murabbiyi Álvaro Arbeloa mavsum yakunida jamoani tark etishini rasman eʼlon qildi. "Men Real Madridni cheksiz minnatdorchilik bilan tark etyapman. Futbolchilar meni yaxshiroq inson boʻlishga undashdi va har kuni quvonch bagʻishlashdi", — dedi Arbeloa matbuot anjumanida. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
43 yoshli sobiq zaxira jamoasi murabbiyi yanvar oyi oʻrtalarida Xabi Alonso ketganidan soʻng jamoani qabul qilib olgan edi. Biroq u vaziyatni oʻnglay olmadi va Real Madrid 2025/26-yilgi mavsumni sovrinsiz yakunladi. Arbeloaning shartnomasi 2027-yilgacha moʻljallangan boʻlishiga qaramay, tomonlar hamkorlikni toʻxtatishga qaror qilishdi.
2010-2013-yillar davomida Real Madridni muvaffaqiyatli boshqargan José Mourinho endi jamoaga yangi kuch bagʻishlashi kutilmoqda. Hafta boshida bir qator nashrlar 63 yoshli portugaliyalik mutaxassisning Lissabonning Benfika klubidan Madridga oʻtishi hal boʻlgani haqida xabar berishdi. Rasmiy tasdiq kutilayotgan boʻlsa-da, Mourinho 3 million yevrolik tovon pulini toʻlab, Benfikani tark etishi va Madrid bilan ikki yillik shartnoma imzolashi aytilmoqda.
Arbeloa boʻlajak murabbiy haqida shunday dedi: "Mou ajoyib murabbiylar shtabiga ega, uning atrofida professional insonlar yigʻilgan. Agar u kelsa, oʻz jamoasi bilan keladi va bu toʻgʻri qaror". Shu bilan birga, Arbeloa Mourinhoning shtabiga qoʻshilmasligini ham taʼkidladi. Hozirda Real Madrid Ispaniya chempionatida peshqadam Barselona jamoasidan 11 ochko ortda qolmoqda.
Klub uchun mavsum omadsiz kechdi: Chempionlar ligasi chorak finalida Bavariya toʻsigʻidan oʻta olmagan boʻlsa, Ispaniya kubogida kutilmaganda Albasete jamoasiga imkoniyatni boy berdi. Maydon tashqarisida ham vaziyat barqaror emas edi — xususan, yulduz hujumchi Kylian Mbappé va boshqa futbolchilar Arbeloa bilan ochiqchasiga ziddiyatga borishgan. Arbeloa 20 yil davomida klub tizimida turli lavozimlarda ishlaganini eslab, kelajakda yana qaytishiga umid bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!