Conor Gallagher Tottenxem dagi qiyin kunlari va murabbiylar haqida gapirdi

Tottenxem yarim himoyachisi Conor Gallagher yanvar oyida Atletiko Madrid jamoasidan koʻchib oʻtganidan soʻng duch kelgan ulkan psixologik qiyinchiliklar haqida ochiq-oydin gapirib berdi. Angliya terma jamoasi aʼzosi klubdagi tartibsiz murabbiylar almashinuvi davrida oʻz formasini yoʻqotib qoʻydi va norozi muxlislarning tanqidlar nishoniga aylandi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
35 million funt evaziga Tottenxem Hotspur Stadium ga kelgan sobiq Chelsi aʼzosi dastlab Thomas Frank qoʻl ostida oʻynadi, biroq daniyalik mutaxassis tezda isteʼfoga chiqarildi. Uning oʻrnini egallagan Igor Tudor esa yarim himoyachining oʻyin vaqtini keskin cheklab qoʻydi. Bu holat Gallagherning jismoniy holati va oʻziga boʻlgan ishonchiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Sky Sports nashriga bergan intervyusida futbolchi oʻsha davrdagi ruhiy holatini shunday tasvirladi: "Oxirgi oylarda hech kim bilan gaplasha olmadim. Bu men va jamoa uchun juda ogʻir vaqtlar boʻldi. Oldingi murabbiy menga ishonmadi, muxlislar esa meni yetarli darajada yaxshi emas deb hisoblashdi. Lekin men ruhan taslim boʻlmadim va muxlislarga nimalarga qodirligimni koʻrsatishga harakat qildim".
Hozirda jamoani boshqarayotgan De Zerbi Gallagherning taqdirini butunlay oʻzgartirib yubordi. Italiyalik mutaxassis unga toʻliq ishonch bildirib, har bir oʻyinda asosiy tarkibda maydonga tushirmoqda. James Maddison va Xavi Simons jarohat olgan bir paytda, Gallagher hujumkor "oʻnlik" rolida jamoaning yetakchisiga aylandi.
Yaqinda Aston Villa darvozasiga gʻalaba golini urgan Conor Gallagher, Angliya terma jamoasining Jahon chempionati qaydnomasiga kiritilmagan boʻlsa-da, yozgi tanaffusga koʻtarinki kayfiyatda yoʻl olmoqda. U kelajakda muxlislar bilan aloqani yanada mustahkamlashga va jamoaga koʻproq foyda keltirishga vaʼda berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!