Mikel Arteta Luis Enriqueni murabbiylar uchun namuna deb atadi

Arsenal bosh murabbiyi Mikel Arteta Pari Sen-Jermen ustozi Luis Enrique haqida iliq fikrlar bildirib, uni murabbiylik olamida barcha uchun haqiqiy namuna deb atadi. "Kanonirlar" ustozi Chempionlar ligasi doirasidagi PSJga qarshi muhim bahs oldidan Barselona safida birga toʻp surgan sobiq jamoadoshi bilan bogʻliq xotiralarini yodga oldi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Arteta MARCA nashriga bergan intervyusida Luis Enriquening yosh futbolchilarga boʻlgan munosabati va uning oʻz taktik falsafasiga sodiqligini yuqori baholadi. "Uni katta mehr bilan eslayman. Murabbiy sifatida u tashqi bosimlarga qaramay, oʻz yoʻlidan borishga va gʻalaba qozonishga qodir yetakchidir. U barcha uchun oʻrnak boʻla oladi", — dedi Arsenal murabbiyi.
Shuningdek, Arteta soʻnggi oʻyinlarda zaxirada qolayotgan Martin Zubimendi haqida ham toʻxtalib oʻtdi. Murabbiy yarim himoyachining Angliya Premer-ligasidagi debyut mavsumini himoya qilib, unga shunchaki dam berilganini taʼkidladi. Artetaning soʻzlariga koʻra, Zubimendi mavsum davomida juda koʻp oʻyin oʻtkazgan va hal qiluvchi bahslar oldidan unga "nafas rostlash" uchun imkoniyat yaratilgan.
Suhbat yakunida Arteta yuqori darajadagi murabbiylikning ruhiy qiyinchiliklari va oilasining qoʻllab-quvvatlashi haqida gapirib, hissiyotlarini yashira olmadi. U barcha muvaffaqiyatlarida rafiqasi Lorenaning oʻrni beqiyos ekanini, uydagi barqarorlikni aynan rafiqasi taʼminlab turishini alohida eʼtirof etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!