Arne Slot Liverpuldan ketishi bilan Milan bosh murabbiyligiga nomzod boʻldi

Arne Slot Liverpul bosh murabbiyligidan boʻshatilganidan soʻng, darhol yangi ish topishi kutilmoqda. Bir yil avval Mersisayd klubi bilan Angliya Premer-ligasi chempionligini qoʻlga kiritgan niderlandiyalik mutaxassis Yevropaning eng nufuzli klublaridan biri — Milan boshqaruviga asosiy nomzod sifatida koʻrilmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Liverpulni tark etishi rasman eʼlon qilinganidan bir necha daqiqa oʻtib, Slotning Italiya grandi bilan muzokaralar boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Jurnalist Sacha Tavolieri maʼlumotiga koʻra, u San Siroda Massimiliano Allegri oʻrnini egallashi kutilayotgan birinchi raqamli nomzoddir. Eslatib oʻtamiz, Allegri jamoa A Seriyada beshinchi oʻrinni egallab, Chempionlar ligasidan quruq qolganidan soʻng isteʼfoga chiqarilgan edi.
Slot Liverpuldagi ikki yillik faoliyati davomida 113 ta oʻyinda jamoani boshqarib, 66 ta gʻalaba qayd etdi. Uning eng katta yutugʻi 2024-25 yilgi mavsumda qoʻlga kiritilgan Angliya chempionligi boʻldi. Biroq, soʻnggi vaqtlarda muxlislar bilan munosabatlarning yomonlashishi va oʻyin uslubining zerikarli deb topilishi uning ketishiga sabab boʻldi.
Klubdagi ichki muhit ham ancha taranglashgan edi. Xususan, Muhammad Salah va murabbiy oʻrtasidagi kelishmovchiliklar yuzaga kelgan, misrlik yulduz jamoaning avvalgi, yaʼni Jürgen Klopp davridagi hujumkor futboliga qaytishini ochiqchasiga talab qilgan edi. Endilikda Milan rahbariyati boshqa daʼvogarlar paydo boʻlmasidan avval Slot bilan kelishuvga erishishga harakat qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!