O‘zbekistonlik dzyudochilar Osiyo kubogida 6 ta vaznda chempion bo‘lishdi

Poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida dzyudo bo‘yicha “Cadet and Junior Asian Cup Tashkent 2026” musobaqasi qizg‘in davom etmoqda. Osiyo ochiq kubogining yoshlar o‘rtasidagi ilk kungi bahslari o‘zbekistonlik dzyudochilar uchun juda muvaffaqiyatli kechdi.
Olti yuz nafardan ziyod sportchi ishtirok etayotgan nufuzli musobaqaning birinchi kunida 7 ta vazn toifasida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar kadetlar singari raqiblariga nisbatan sezilarli ustunlikka ega ekanini tatamida amalda isbotladi.
Birinchi kun yakunida arena bo‘ylab olti marta O‘zbekiston madhiyasi yangradi. Davlatimiz bayrog‘i sportchilarimiz g‘alabalari sharafiga qayta-qayta yuqoriga ko‘tarildi. Bu natija yurtimiz dzyudo maktabi yoshlar o‘rtasida ham qit’a miqyosida kuchli mavqega ega ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Yigitlar o‘rtasida -60 kg vazn toifasida to‘liq o‘zbekcha final va shohsupa qayd etildi. Muhammadjon Masharipov oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Muhammadqodir Shodmonov kumush, Dilshod Karimov va Arapbay Daurbayev bronza medallariga ega chiqdi.
-66 kg vaznda Amirxon Nizomaddinov barcha raqiblarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi. Izzatbek Ro‘zimatov kumush medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu vaznda tojikistonlik Habibullo Muhammadrofei va Yosin Bobokalonov bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
-73 kg vazn toifasida ham o‘zbekistonlik dzyudochilar yetakchilik qildi. Inoyat Telmanov oltin, Sanjarbek Ashurov kumush, Javlonbek Yusupov esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Yana bir bronza Qozog‘iston vakili Miras Issabayevga nasib etdi.
Qizlar o‘rtasida ham hamyurtlarimiz yuqori natija ko‘rsatdi. -48 kg vaznda Dilrux Hasanova g‘olib bo‘ldi, Zarina Jamalova ikkinchi o‘rinni egalladi. Mohinur Ollaberganova esa bronza medali bilan shohsupaga ko‘tarildi.
-52 kg vaznda Sabina Azamatova oltin medal sohibiga aylandi. Nargiza Do‘stmamatova kumush medalni qo‘lga kiritdi, Saodat Qoraboyeva esa bronza bilan taqdirlandi. -57 kg vaznda Mohinur Allaberganova va Ramajon Saparova bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
-63 kg vazn toifasida yana bir o‘zbekcha final kuzatildi. Adina Abilhasimova birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Gulasal Oblokulova kumush medalni qo‘lga kiritdi. Charosoy O‘ktamboyeva esa bronza medali bilan taqdirlandi.
Qisqasi, “Cadet and Junior Asian Cup Tashkent 2026” musobaqasining ilk kuni O‘zbekiston dzyudosi uchun juda yorqin o‘tdi. 6 ta oltin medal, ko‘plab sovrinli o‘rinlar va arenada qayta-qayta yangragan madhiya — bu yoshlarimiz katta tatamilarga tayyorlanayotganini ko‘rsatadi. Dzyudomizda zaxira kuchli, kelajak esa ancha umidli.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!