CATL Yevropada ulkan natriy-ionli energiya omborlarini barpo etadi

Xitoyning akkumulyatorlar ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniyasi CATL va Yevropaning energetik yechimlar yetkazib beruvchi Alfen korxonasi strategik hamkorlikni eʼlon qildi. Mazkur kelishuv doirasida butun Yevropa boʻylab umumiy quvvati 5 GW·soatga teng boʻlgan Tener Sodium tizimidagi energiya saqlash omborlari barpo etiladi. Bu loyiha natriy-ion texnologiyasini tijoriy maqsadlarda keng koʻlamda joriy etish boʻyicha dunyodagi eng yirik tashabbuslardan biri boʻlishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Loyiha doirasidagi ilk obʼektlar 2027-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, CATL va Alfen 2023-yildan buyon hamkorlik qilib keladi, biroq shu vaqtga qadar faqat litiy-ionli batareyalardan foydalanib kelingan. Natriy-ionli texnologiyaga oʻtish litiy xomashyosiga boʻlgan qaramlikni kamaytirish va bozor narxlarining oʻzgaruvchanligidan himoyalanish imkonini beradi.
Texnik imkoniyatlar va chidamlilik
Tener Sodium tizimining asosiy ustunligi uning uzoq muddatli xizmat koʻrsatishidadir. Ishlab chiqaruvchilarning taʼkidlashicha, ushbu batareyalar 15 000 ish sikliga moʻljallangan boʻlib, bu taxminan 25–30 yillik ekspluatatsiyaga tengdir. Eng muhimi, shuncha vaqt oʻtgandan keyin ham akkumulyatorlar oʻzining dastlabki sigʻimini kamida 70 foiz darajasida saqlab qoladi.Yangi arxitektura 690 V kuchlanishni taʼminlaydi va energiyani qayta ishlash samaradorligini deyarli 2 foizga oshiradi. Tizimning oʻz ehtiyojlari uchun sarflaydigan energiya miqdori esa 1 foizgacha tushirilgan — bu sohadagi oʻrtacha koʻrsatkichdan ikki baravar kam demakdir. ixbt.com xabariga koʻra, ushbu texnologiya energiya yoʻqotishlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
Haroratga chidamlilik va xavfsizlik
Natriy-ionli akkumulyatorlar ekstremal ob-havo sharoitlarida ham barqaror ishlashi bilan ajralib turadi. Ular -20 °C sovuqda ham oʻz sigʻimining 92 foizidan koʻprogʻini saqlab qoladi. Issiq iqlim sharoitida esa, xususan +45 °C haroratda qoʻshimcha sovutish tizimisiz 10 000 dan ortiq siklga bardosh bera oladi. Bu xususiyat Oʻzbekiston kabi keskin kontinental iqlimga ega hududlar uchun ham kelajakda juda istiqbolli yechim boʻlishi mumkin.Alfen bosh direktori Maykl Koleynning soʻzlariga koʻra, natriy-ionli batareyalar energiya saqlash sohasidagi navbatdagi qadam boʻlib, ular yanada diversifikatsiyalangan va barqaror tizimni shakllantirishga xizmat qiladi. CATL vakili Tan Libin esa ushbu texnologiya Yevropaning "yashil" energetikaga oʻtish jarayonini tezlashtirishini va mijozlar uchun oʻzgacha qiymat yaratishini taʼkidladi.
Ushbu hamkorlik nafaqat texnologik yangilik, balki global energetika bozorida litiyga muqobil arzonroq va xavfsizroq xomashyo manbalariga oʻtishning muhim bosqichidir. Kelajakda bunday yirik loyihalar qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini butunlay yangi bosqichga olib chiqadi.






























Izohlar 0
…