Toshkentda metro bekati tomi quladi, ikki yo‘lovchi jarohatlandi

Toshkentda metro bekati tomi quladi, ikki yo‘lovchi jarohatlandi

Toshkent shahridagi yer usti halqa metro yo‘nalishida joylashgan «Turon» metro bekatida tom konstruksiyasining bir qismi siljib tushishi oqibatida favqulodda holat yuz berdi. Hodisa natijasida ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan, poyezdlar harakati esa xavfsizlik chorasi sifatida vaqtincha to‘xtatildi.

«Toshkent metropoliteni» DUK ma’lumotiga ko‘ra, voqea 16 iyul kuni soat 14:34 da sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bekat tom konstruksiyasining bir qismi siljib tushgani sababli mazkur yo‘nalishda poyezdlar harakatini zudlik bilan to‘xtatishga qaror qilingan.

Qayd etilishicha, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘lovchilar hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida ushbu bekatda qatnov vaqtincha cheklangan. Ayni vaqtda mutaxassislar tomonidan hodisa joyida texnik ko‘rik va o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va bekatni xavfsiz holatga keltirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hodisa oqibatida ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan. Ularga voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ularning hayotiga xavf yo‘q.

Yo‘lovchilarga noqulaylikni kamaytirish maqsadida «Qipchoq» va «Quruvchilar» metro bekatlari o‘rtasida bepul metrobuslar qatnovi tashkil etilgan. Mas’ullar ta’mirlash va texnik tekshiruv ishlari yakunlangach, poyezdlar harakati odatiy tartibda qayta tiklanishini ma’lum qildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar