Pasport yoki ID-kartani yo‘qotganlar uchun muhim yangilik e’lon qilindi

Pasport yoki ID-kartani yo‘qotganlar uchun muhim yangilik e’lon qilindi

O‘zbekistonda fuqarolik pasporti, ID-karta yoki xorijga chiqish pasportini yo‘qotib qo‘ygan yoki uni yaroqsiz holga keltirgan shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortmaslik tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 15 iyul kuni imzolangan “Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 265-sonli qarorda belgilangan.

Mazkur yangi tartib kuchga kirsa, shaxsini tasdiqlovchi hujjatini yo‘qotgan fuqarolar avvalgi kabi ma’muriy jarima to‘lamaydi. Ular faqat yangi hujjatni rasmiylashtirish uchun belgilangan davlat bojiga qo‘shimcha to‘lovni amalga oshirish orqali pasport, ID-karta yoki xorijga chiqish pasportini qayta rasmiylashtirishi va olishi mumkin bo‘ladi.

Qarorga muvofiq, ushbu mexanizmni amaliyotga joriy etish uchun zarur takliflar hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari joriy yilning oktyabr oyiga qadar Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi lozim.

Ma’lumot uchun, hozirgi amaldagi qonunchilikka ko‘ra, pasport, ID-karta yoki xorijga chiqish pasportini yo‘qotgan yoki yaroqsiz holga keltirgan shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanadi. Yangi tartib esa hujjatlarni qayta rasmiylashtirish jarayonini yanada soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish hamda aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar