Bavariya Liverpul yulduzi Rio Ngumoha uchun kurashga qoʻshildi

Liverpul jamoasining 17 yoshli iqtidorli hujumchisi Rio Ngumoha Thomas Tuchel boshqaruvidagi Angliya terma jamoasi yigʻinida barchada katta taassurot qoldirdi. Biroq, yosh yulduzning Enfilddagi kelajagi soʻroq ostida qolmoqda. Xabarlarga koʻra, futbolchi klubdagi rivojlanish darajasi va oʻyin amaliyoti kamligidan norozi boʻlib, unga Bavariya jiddiy qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
BBC Sport maʼlumotlariga koʻra, Rio Ngumoha oʻtgan mavsumda Arne Slot qoʻl ostida yetarli darajada maydonga tushmaganidan hafsalasi pir boʻlgan. Mersisaydliklar yosh iqtidor egasini sotmaslikka harakat qilishsa-da, Bavariya skautlari uni Germaniyaga olib ketish uchun qulay imkoniyat poylamoqda. Myunxenliklar Ngumohani Angliyaning eng yorqin yosh isteʼdodlaridan biri sifatida koʻrishmoqda.
Ngumoha Liverpul tarixidagi eng yosh gol muallifi sifatida rekord oʻrnatgan boʻlsa-da, oʻtgan mavsumda asosiy tarkibda bor-yoʻgʻi 10 ta oʻyinda maydonga tushdi. Klub rahbariyati buni futbolchini jismoniy va ruhiy bosimlardan himoya qilish bilan izohlagan. Ammo futbolchining oʻzi yuqori darajadagi oʻyinlarda koʻproq ishtirok etishni va tezroq oʻsishni istamoqda.
Angliya terma jamoasining Yangi Zelandiyaga qarshi oʻyinida zaxiradan tushib, uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Rio Ngumoha Thomas Tuchelning eʼtirofiga sazovor boʻldi. Garchi u Jahon chempionati uchun yakuniy roʻyxatga kiritilmagan boʻlsa-da, uning namoyish etgan oʻyini mutaxassislar orasida katta muhokamalarga sabab boʻldi.
Endilikda Liverpul yangi murabbiy Andoni Iraola qoʻl ostida Rio Ngumohaga Enfild uning rivojlanishi uchun eng yaxshi joy ekanligini isbotlashi kerak. Aks holda, Yevropaning boshqa grand klublari, xususan Bavariya, ushbu transfer poygasida gʻolib chiqishi hech gap emas.






























Izohlar 0
…