Denni Merfi: Liyam Rozenyor Fulxem uchun juda katta tavakkal

Denni Merfi GOAL nashriga bergan intervyusida nima uchun Liyam Rozenyor Chelsi klubidagi muvaffaqiyatsizligidan so'ng Angliya Premer-ligasiga qaytishi qiyinligini tushuntirib berdi. Uning fikricha, 41 yoshli mutaxassisni Fulxem bosh murabbiyligiga tayinlash klub uchun o'ta xavfli qaror bo'lishi mumkin. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Fulxem jamoasining amaldagi ustozi Marko Silva shartnomasi yakunlangach, klubni tark etishga qaror qildi. Portugaliyalik mutaxassis besh yillik faoliyati davomida jamoani Chempionshipdan yuqori divizionga olib chiqdi va 229 o'yinning 100 tasida g'alaba qozonib, klubni Angliya Premer-ligasi o'rtamyonasiga aylantira oldi.
Hozirda bo'sh qoladigan o'rin uchun bir nechta nomzodlar ko'rib chiqilmoqda. Rozenyor Hull City va Strasburgdagi faoliyati bilan e'tiborga tushgan bo'lsa-da, Stamford Bridge stadionidagi faoliyati bor-yo'g'i uch yarim oy davom etdi va 23 o'yindan so'ng yakuniga yetdi. Merfining so'zlariga ko'ra, Rozenyorning Fulxem bilan futbolchilik davridagi aloqalari uning tayinlanishi uchun yetarli emas.
"O'ylaymanki, u bu imkoniyatni jon-deb qabul qilgan bo'lardi, lekin bu amalga oshmaydi. Fulxem buni katta tavakkal deb biladi, chunki uning Chelsi klubidagi faoliyati yaxshi boshlanganiga qaramay, yakunda muvaffaqiyatsiz bo'ldi. Klub rahbariyati ushbu darajada ko'proq tajribaga ega bo'lgan murabbiyni tanlaydi", — dedi Merfi.
Shuningdek, sobiq yarim himoyachi Frank Lampardning G'arbiy Londonga qaytish imkoniyatlarini ham yuqori baholadi. Uning fikricha, Koventridagi muvaffaqiyatlaridan so'ng Lampard tajribaliroq nomzod sifatida ko'rilishi mumkin. Tomas Frank kabi murabbiylar bu poygadan chiqqan bo'lsa-da, bozorda Rozenyordan ko'ra tajribaliroq mutaxassislar yetarli.






























Izohlar 0
…