Jahon chempionati mukofot puli: kim qancha oladi?

Jahon chempionati mukofot puli: kim qancha oladi?

Joriy yilda o‘tkaziladigan Jahon chempionati ishtirokchilari o‘rtasida jami 871 million dollar miqdorida mukofot puli taqsimlanadi. Bu haqda FIFA rasman ma’lum qildi. Mazkur ko‘rsatkich turnir tarixidagi eng yirik sovrin jamg‘armalaridan biri sifatida qayd etilmoqda.

2026 yilgi Jahon chempionati nafaqat ishtirokchi terma jamoalar soni va o‘yinlar miqdori bilan, balki mukofot puli hajmi bo‘yicha ham tarixdagi eng yirik musobaqalar qatoriga kiradi. Yangi format sabab hatto guruh bosqichidan keyin musobaqani tark etgan jamoalar ham sezilarli miqdorda mablag‘ga ega bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mundialda ishtirok etgan har bir terma jamoa kamida 12,5 million dollar mukofot puli oladi. Bu ko‘rsatkich 2022 yil Qatarda o‘tkazilgan Jahon chempionati bilan solishtirilganda ancha yuqori hisoblanadi. O‘shanda guruh bosqichida chiqib ketgan jamoalar taxminan 9 million dollar atrofida daromad olgan edi.

Musobaqa davomida natijalar yaxshilangan sari mukofot miqdori ham ortib boradi. 1/16 finalga yo‘l olgan jamoalar 14,5 million dollar, 1/8 finalga chiqqanlar 18,5 million dollar, chorak final ishtirokchilari esa 22,5 million dollar bilan taqdirlanadi.

To‘rtinchi o‘rinni egallagan terma jamoa 30,5 million dollar mukofot oladi, bronza medal sohibi esa 32,5 million dollarga ega bo‘ladi.

Finalgacha yetib borgan ikki jamoa eng katta mukofotlar uchun kurash olib boradi. Finalda mag‘lub bo‘lgan jamoa 36,5 million dollar bilan taqdirlansa, Jahon chempionati g‘olibi esa rekord darajada — 53,5 million dollar mukofot pulini qo‘lga kiritadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar